Energetika vazirligida fransiyalik mutaxassislar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Energetika vazirligida Klod Imoven boshchiligidagi Fransiyaning “MEDEF International” korxonalari assotsiatsiyasi delegatsiyasi aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazildi, deya xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

    “MEDEF International” hozirda turli sohalardagi 800 000ga yaqin fransuz kompaniyalarini birlashtiradi. Ana shu salohiyatni hisobga olgan holda uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston energetika sohasida Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi istiqbolli takliflar atroflicha muhokama qilindi.

    Xususan, joriy yilning may oyida Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosidagi loyiha Fransiyaning “TOTAL Eren” kompaniyasi tomonidan amalga oshirildi. Ushbu quyosh fotoelektr stansiyasi bugungi kunga qadar 909 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqardi.

    Taʼkidlanganidek, “TOTAL Eren” kompaniyasi Shirin shahridagi ixtisoslashgan energetika kolleji bitiruvchilari orasidan xodimlarni ishga jalb qilishni koʻrib chiqish imkoniyatiga ega boʻlib, kollejda texnik kadrlar tayyorlash, shu jumladan quyosh fotoelektr stansiyasi uchun ingliz tilini chuqur oʻrganish boʻyicha ilgʻor tajribalar joriy etilmoqda. Fransiyaning yana bir kompaniyasi – EDF Oʻzbekistonda issiqlik elektr stansiyalarini qurish boʻyicha 2 ta yirik loyihada konsorsium tarkibida qatnashadi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida ishlab chiqarishni joriy etishda dispetcherlik va tarmoq barqarorligini taʼminlash sohasida tajriba almashish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalari boʻyicha yangi tenderlarda fransuz kompaniyalarining ishtiroki, elektr transformatorlarining yongʻin xavfsizligi sohasidagi fransuz ishlanmalarini joriy etish va boshqa yoʻnalishlardagi imkoniyatlarni muhokama qildilar.

    Muhokama qilingan qator hamkor loyihalarni batafsil ishlab chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.