Energetika vazirligida Tatariston delegatsiyasi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 21 Yanvar 2022 737

    Joriy yil 20-yanvarda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Tatariston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri Albert Karimov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev Tatariston Respublikasi kompaniyalari bilan avval erishilgan kelishuvlar belgilangan muddatlarda amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

    Xususan, “Oʻzbekneftgaz” AJ “Qozon dvigatel ishlab chiqarish birlashmasi” OAJ bilan gaz turbinali dvigatellarni (GTD) avariyaviy va kapital taʼmirlash boʻyicha 9 ta shartnoma imzoladi.

    Shuningdek, yigʻilish davomida “TESK” MCHJ tomonidan chiziqli SIP armaturalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Mazkur yoʻnalishda xorijiy delegatsiya aʼzolari “Oʻzeltexsanoat” AJ bilan hamkorlikda ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrganishni taklif qildi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston tomonidan “Tatneft” OAJ bilan davlat-xususiy sheriklik asosida bir qator istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni jadallashtirish, xususan, mahalliy xom ashyo asosida talab qilinadigan neft va gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish masalalari koʻtarildi.

    Muzokaralar natijasida Tatariston Respublikasining qator kompaniyalari bilan qoʻshma reja va loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha aniq kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.