Bu boʻyicha 28-fevral kuni hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining 2024-yilning 16-apreldagi aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning bir oylik isteʼmoliga bazaviy meʼyor belgilashga qaratilgan tegishli qaroriga oʻzgartirish kiritildi.

Xususan, havo haroratidan kelib chiqib, Energetika vazirligiga mazkur bazaviy meʼyorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga oʻzgartirish kiritish vakolati berildi.

Bunda tegishli oʻzgartirishlar Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda kiritilishi mumkin.

Shuningdek, vazirlik, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgaztaʼminot” ijtimoiy normalarning amal qilish muddatlariga kiritilgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida oʻzining rasmiy veb-sayti va OAV orqali eʼlon qiladi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hamda energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov zimmasiga yuklatildi.