Eng faol yosh xalq taʼlimi xodimlari taqdirlandi

    Ta'lim 25 Iyun 2021 1209

    Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Yoshlar oyligi” doirasida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida tashkil qilingan “Yilning eng faol yosh xalq taʼlimi xodimi” koʻrik-tanlovning gʻoliblari aniqlandi.

    Koʻrik-tanlovda xalq taʼlimi tizimida mehnat qilayotgan yoshlar, jumladan oʻzining mehnatkashligi, tashabbuskorligi, kreativ gʻoyalari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan taʼlim sohasida samarali foydalanishi, yuqori natijalari bilan faollik koʻrsatayotgan yosh rahbar, mutaxassis, pedagoglar, yoshlar yetakchilaridan arizalar qabul qilindi.

    Koʻrik-tanlov 2 bosqichda tashkil qilindi. Tuman (shahar) bosqichlarida saralangan gʻoliblar hududiy bosqichda oʻzlarining “Mening gʻoyam” mavzularida taqdimot qilishdi.Taqdimot davomida hozirgi kunda barcha uchun qiziqarli boʻlgan loyihalarni targʻib qilish, har bir loyiha doirasida mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshish kabi fikrlar, gʻoyalar ilgari surildi.

    Koʻrik-tanlovning tuman(shahar), hududiy bosqichlarida munosib qatnashgan ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.