Prezidentimiz MDH Davlat rahbarlari kengashining Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishidagi nutqida ana shu haqiqatni yana bir bor eslatib, ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat bizni birlashtiradigan, kelajak sari yetaklaydigan eng mustahkam poydevor ekanini taʼkidladi.

Davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy sherik­lik, siyosiy barqarorlik yoki xavfsizlik ti­zimlari — bularning bari inson tafakkuri, bilimi, oʻzaro ishonch va madaniyat mahsulidir. Shu bois, Prezidentimiz taʼlim sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish zarurli­gini qayd etib, diplomlar, malaka va akademik dasturlarni oʻzaro tan olish, professional standartlarni uygʻunlashtirish, yoshlarning ijodiy hamda intellektual salohiyatini qoʻllab-quvvatlash kabi muhim tashabbuslar­ni ilgari surdi. Yigʻilishda Prezidentimiz tomonidan transport, iqtisodiyot, energeti­ka, raqamli texnologiyalar, xavfsizlik, fan, taʼlim va madaniyat kabi sohalarda qator ta­shabbuslar oʻrtaga tashlandi. Ayniqsa, taʼlim sohasi boʻyicha ilgari surilgan takliflar alo­hida ahamiyat kasb etadi.

Sohadagi islohotlar natijasida diplom­lar, malaka va akademik dasturlarni oʻzaro tan olish jarayonida oʻzgarishlar boʻladi. Talaba va mutaxassislarning nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro yoki mintaqaviy mehnat bozor­larida erkin harakatlanishi, ishga joylashi­shi va yuqori taʼlim olish imkoniyati kengaya­di. Shuningdek, professional standartlarni uygʻunlashtirish boʻyicha ishlar taʼlim sifa­tini oshirish va mehnat bozorida raqobatbar­dosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizning barqaror rivojlanishiga zamin yaratadi. Umuman olganda, islohotlar taʼlim tizimini yangi bosqichga koʻtarib, ij­timoiy va iqtisodiy sohalarda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻladi.

Bular shunchaki gap emas, balki kelajak avlod uchun ochilgan yangi ufqdir. Chunki har bir yoshning bilimga intilishi, ilmga sado­qati butun jamiyat taraqqiyotini belgilay­di. Prezidentimizning Yoshlar laborato­riyasini yaratish gʻoyasi yosh iqtidor egalari uchun ilhom manbai, ularning orzularini amaliy loyihalarga aylantirish maydoni boʻladi.

Salkam bir asrlik tarixga ega boʻlgan, ilm va maʼrifat maskani — Fargʻona davlat universitetida anʼanaga aylangan, iliq va samimiy ruhda oʻtayotgan “Rektor va yoshlar” uchrashuvida talabalar bilan dildan suhbat­lashar ekanman, ularning har bir nigohida ishonch, har bir soʻzida umid va fidoyilik­ni koʻrdim. Ayniqsa, chet tillar fakulte­tining birinchi bosqichida tahsil olayotgan ochiq fikrli, tashabbuskor va izlanuvchan yoshlar xalqaro forum tashkil etish niyati­da ekanini bildirgani juda maʼqul boʻldi. Nega deganda, bu tashabbus zamirida nafa­qat ulkan masʼuliyat, balki orzu, qatʼiyat va vatan oldidagi sadoqat mujassam. Prezi­dentimizning Dushanbe yigʻilishida Xiva shahrida MDH Yoshlar forumi tashkil etish tashabbusi xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, maʼnaviy yaqinlik ramzidir. Zero, yoshlar birlashsa, kelajak birlashadi.

Bugun dunyo raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, innovatsion iqtisodiyot sari borayotgan bir paytda taʼlim tizimi ham yangicha fikrlash, yangicha yondashuvni talab qiladi. Prezidentimizning raqamli hamkorlikni kuchaytirish haqidagi chaqi­rigʻi aynan shunga yoʻnaltirilgan: bilim almashish, tajriba oʻrganish, oʻzaro oʻqitish orqali bir-birimizni boyitish, hamfikr boʻlish. Shunday ekan, bugun har bir oʻqituv­chi, har bir talaba, har bir ota-ona bu cha­qiriqni yurakdan his etishi kerak: taʼlim eng katta sarmoya, eng ishonchli kafolat, eng goʻzal merosdir.

Prezidentimiz aytganidek, taʼlim va ilm- fan sohasida qoʻshma dasturlarni kengayti­rish, malaka mezonlarini uygʻunlashtirish, yoshlarning intellektual kuchini birlashti­rish nafaqat MDH doirasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi, balki butun mintaqa kela­jagini nurafshon etadi. Zero, bilim bilan birlashgan xalqlarni hech qanday toʻsiq yenga olmaydi. Ilm bilan rivojlangan jamiyatni hech qanday kuch toʻxtatishga qodir emas. Tafak­kur bilan yuksalayotgan avlodni esa faqat yor­qin kelajak kutadi.

Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

pedagogika fanlari doktori, professor