Eng koʻp qaysi soha tadbirkorlari soliq toʻlashdan qochayotgani maʼlum qilindi

    Joriy yilning yanvar–noyabr oylarida soliq toʻlamaslik xavfi yuqori boʻlgan 3 305 ta tadbirkorlik subyektida soliq auditi oʻtkazilib, 12,1 trln soʻmlik soliq summasi aniqlandi.

    2025-yilning yanvar–noyabr oylarida davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlamaslik xavfi yuqori boʻlgan 3 305 ta tadbirkorlik subyektida soliq auditi oʻtkazildi. Bu mazkur davrda faoliyat koʻrsatgan jami 563,9 mingta soliq toʻlovchining 0,6 foizini tashkil etadi.

    Soliq auditlari davomida aniqlangan soliq xavfi summasi 10,7 trln soʻmni, audit natijasida aniqlangan umumiy summa esa 12,1 trln soʻmni tashkil etdi.

    Aniqlangan soliq summalari sohalar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

    • savdo va umumiy ovqatlanish sohasida — 7,7 trln soʻm (64%);
    • ishlab chiqarish sohasida — 1,1 trln soʻm (9,2%);
    • qurilish sohasida — 1,1 trln soʻm (9,3%);
    • xizmat koʻrsatish sohasida — 858,8 mlrd soʻm (7,1%);
    • qishloq xoʻjaligi sohasida — 610,9 mlrd soʻm (5,1%);
    • transport sohasida — 316 mlrd soʻm (2,6%);
    • boshqa sohalarda — 326,6 mlrd soʻm (2,7%).

    Oʻtkazilgan soliq auditlari natijasida 1 594 ta soliq toʻlovchi tomonidan 21,2 trln soʻmdan ortiq soliq bazasi yashirilgani aniqlandi. Xususan:

    • 584 ta subyektda 8,8 trln soʻmlik realizatsiya qilingan tovarlar summasi koʻrsatilmagan;
    • 508 ta subyektda 6,2 trln soʻmlik tovarlar inventarizatsiya vaqtida ombor yoki realizatsiya joyida mavjud boʻlmagan;
    • 502 ta subyektda 6,2 trln soʻmlik kirim qilinmagan tovarlar saqlangan va (yoki) realizatsiya qilingan.

    Maʼlum qilinishicha, bugungi kunga qadar toʻlov muddati kelgan 6,5 trln soʻm soliq summasining 3,4 trln soʻmi, yaʼni 52,2 foizi toʻlab berilgan.