Xitoyning yetakchi “People Daily” gazetasining onlayn-versiyasida xabar qilinishicha, joriy yilning dastlabki yetti oyida Xorgos nazorat-oʻtkazish punkti orqali yuk poyezdlari tomonidan tashilgan yuklarning eng koʻp qismi Xitoy-Yevropa va Xitoy-Markaziy Osiyo yoʻnalishidagi temir yoʻllar orqali oʻz egalariga yetkazilgan, deya xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Gazeta maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil yanvar-iyul oylarida Xitoyning Qozogʻiston bilan chegarasida joylashgan “Xorgos” temir yoʻl nazorat punkti orqali 3,3 million tonna yuk tashilgan.
Jami 2240 ta poyezd oʻtgan, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 55,37 foizga koʻp. Ushbu davrda 1974 ta yuk poyezdlari kiyim-kechak, elektronika, elektromexanik va kimyoviy mahsulotlar bilan Xitoydan kerakli manzil sari yoʻl olishgan.
Ushbu nazorat punkti orqali temir yoʻldan bir vaqtning oʻzida Yevropa va Markaziy Osiyodan Xitoyga jami 266 ta yuk poyezdi kirib keldi.
“Ular asosan Germaniya, Polsha, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlardan paxta iplari, qurilish materiallari, avtoulovlar va boshqa mahsulotlarni olib kelishgan”, deya xulosa qiladi “People Daily”.