Bu boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, shu yilning 1-avgust kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari ishtirokida oliy taʼlim muassasalarida talabalarini turar joy bilan taʼminlash chora-tadbirlariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda yangi oʻquv yilida talabalarni munosib kutib olish, oʻquv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor taʼminlash masalalari muhokama qilinib, bunda yuzaga keladigan jiddiy muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish maqsadida 1-avgustidan 10-sentyabrigacha boʻlgan muddat “dolzarb qirq kunlik” sifatida belgilangandi.

Masʼullar fikr-mulohazalarini inobatga olib, 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalarining barcha bosqich talabalari belgilangan mezonlar ketma-ketligi asosida talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirilishi boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Oʻtgan yilgi tajribadan kelib chiqib, barcha oliy taʼlim muassasalarining asosiy binolari hamda talabalar turar joylariga kirish qismlariga kamida 4 ta joyga Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam koʻrsatish markazlari (infokiosk)ni tashkil etish belgilandi.

Bunda har bir talabani talabalar turar joylariga joylashtirish boʻyicha yordam koʻrsatish markazlari (infokiosk) faoliyatini yoʻlga qoʻyish va unga tajribali volontyorlarni biriktirish, shuningdek, eng namunali faoliyat yuritgan “Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam koʻrsatish markazlari” 20 mln soʻmdan 30 mln soʻmgacha pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirilishi nazarda tutildi.

Ijara xonadonlari bazasini shakllantirish, talabalarni guruh tyutorlari orqali ijara xonadonlariga joylashishiga koʻmaklashish, oliy taʼlim muassasasi rasmiy veb-sayti orqali yangi topilgan ijara uylari hamda ijara uylari haqidagi maʼlumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi koʻrsatilgan holda)ni eʼlon qilish ishlarini samarali tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oliy taʼlim muassasalari rektorlari yotoqxona va ijarada istiqomat qilayotgan talabalar holidan shaxsan xabar olishi, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlagan holda ijara xonadonlariga ham, yotoqxonalarga ham tashriflar har haftada kamida 1 marotaba tashkil etilishini tizimli yoʻlga qoʻyilishi taʼkidlandi.