Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda jahon ilm-fani rivojiga bebaho hissa qoʻshgan mutafakkir allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini oʻrganish, ularning ilmiy merosini xalqaro jamoatchilikka yetkazish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi diniy-maʼrifiy yoʻnalishda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarning muhim tarkibiy qismidir.
Oʻzbekiston zamini qadimdan ilmu-maʼrifat markazi, madaniyat oʻchogʻi boʻlib kelgan. Bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkir allomalar, xususan, Imom Buxoriy, Mahmud Zamaxshariy, Abu Mansur Moturidiy, Abul Muin Nasafiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek va boshqa koʻplab qomusiy olimlar islom ilmlari bilan bir qatorda, dunyoviy fanlar taraqqiyotiga, xususan, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan.
Ushbu simpozium ana shunday buyuk allomalar qatoridan joy olgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari boʻlgan allomalarning hayoti va boy ilmiy merosini hamda moturidiylik taʼlimotini xalqaro jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etildi. Imom Moturidiy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazi ICESCO, IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar, Malayziya islomni anglash instituti, Al-Azhar majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi, Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqotlari markazi singari xorijiy ilmiy muassasalar, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mazkur anjumanda eʼtiborga molik takliflar va mulohazalar oʻrtaga tashlandi.
Ushbu xalqaro onlayn ilmiy-amaliy anjumanda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qoshida tashkil etilgan Xalqaro ilmiy hayʼat aʼzolari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti vakillari, mahalliy va xorijlik taniqli olimlar, jahonning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar, mutaxassislar ishtirok etdilar. Shuningdek, Misr Arab Respublikasi, Iordaniya, Turkiya, Germaniya, Shvetsiya, Fransiya, Bosniya va Gersegovina, Rossiya, Malayziya, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Afgʻoniston kabi oʻndan ziyod davlatlardan moturidiyshunos va islomshunos olimlar ham oʻz fikr va mulohazalarini taqdim etdilar.
– Millatlarni millat darajasiga olib chiqqan omillar qatorida tarix va geogfiya kabi kuchli tasirga ega boʻlgan yana bir omil oʻz dunyoqarashi, tushuncha va fikrlari bilan tarixni oʻzgartirib yuborgan, oʻsha millat bagʻrida kamol topgan ulugʻ siymolar hisoblanadi, – deydi Turkiyaning Saljuq universtiyeti rektori Metin Aksay. – Mana shu siymolar qatoridan oʻrin olgan, islom aqidasi rivojiga katta hissa qoʻshgan, vahiyni sogʻlom aql suzgichidan oʻtkazib, eng sof va eng tiniq haqiqatlarni tilga kiritgan Imom Moturidiy hazratlari porlagan quyosh misoli asrlar osha biz tomon nur sochib turibdi. Moturidiy hazratlari tizimlashtirgan juziy iroda nazariyasi hamda vahiyni aql bilan asoslash harakati xoh oʻz davrida, xoh bugungi kunda boʻlsin, oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.
Simpozium davomida ishtirokchilar tomonidan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti mohiyati: allomalarning ushbu taʼlimot rivojidagi oʻrni, Imom Moturidiy ilmiy merosini oʻrganish va moturidiylik taʼlimotida aqidaviy masalalarning yoritilishi yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar singari muhim ilmiy masalalar muhokama qilindi.
– Ushbu muhim simpozium munosabati bilan Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik qilishni baxt deb bilamiz, – deya oʻz mulohazalarini bayon qildi IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich. – Islom dini aqidaviy merosining asosiy ustunlaridan biri boʻlgan Moturidiya taʼlimotining ahamiyatini soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Shu munosabat bilan, 2020-yilda Oʻzbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi huzurida Imom Moturidiy markazining tashkil etilishi va uning ixtisoslashtirilgan faoliyatining toʻliq dasturlari dunyodagi hamkasblarining ilmiy doiralarida yuqori baho bilan qayd etildi.
Anjumanda Markaz tomonidan nashrga tayyorlangan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” 29-juzi, Mulla Ali Qoriyning “Sharh al-Fiqh al-akbar”, Burhoniddin Margʻinoniyning “Al-Hidoya”, “Yurtimiz allomalari rukni ostida 10 ta risola”, “Xalqaro islom tashkilotlari”, “Mutaassiblikka qarshi moʻtadillik: metod va tahlillar” “Dolzarb raddiyalar”, “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar” kabi bir qator kitoblar, shuningdek, “Moturidiylik” ilmiy-maʼrifiy jurnalining nishona soni taqdimoti oʻtkazildi.
Anjumanda ishtirokchilari tomonidan xalqaro ekspertlar, mutaxassis va olimlar tomonidan oʻqilgan ilmiy maʼruzalar hamda kuzatuv natijalari alohida toʻplam shaklida nashr etilishi maʼqullandi.
Shu bilan bir qatorda, talabalar oʻrtasida “Imom Moturidiy izdoshlari” rukni ostida tashkil etilgan tanlovning eng yaxshi maqola, eng yaxshi videorolik, eng yaxshi infografika nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.
Yosh tadqiqotchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida, simpozium doirasida doktorantlar, tadqiqotlar hamda talabalar uchun “Imom Moturidiy yosh tadqiqotchilar nigohida”, “Zamonaviy islomshunoslik muammolari” deb nomlangan alohida shoʻbalar ham ish olib bordi. Ularda respublikamizning turli taʼlim va ilmiy-tadqiqot markazlaridan yosh tadqiqotchilar oʻz maqolalarini ekspertlar eʼtiboriga havola qildilar.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri