Xoʻsh, ushbu murojaatdan joriy yilga doir qanday natijalar tilga olindi va kelgusi yil uchun qanday maqsadlar reja qilinyapti? Muxbirimiz tuman hokimi bilan shu mavzuda suhbatlashdi.
— Anvarjon Abduvohidovich, Davlatobod tumani endigina bir yoshga toʻldi. Oʻtgan yilning noyabr oyida tashkil topgan edi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida qanday ishlar amalga oshirildi? Erishilgan natijalardan qoniqsak boʻladimi?
— Albatta. Toʻgʻri tumanimiz yosh, biroq aholimiz va tadbirkorlarimizning fidokorona mehnati, ularning davlat organlari bilan birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli joriy yilda barcha sohalarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari ortigʻi bilan bajarilishi kutilyapti.
Prezidentimizning oʻtgan yilgi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, oʻz sohasi boʻyicha ishni mahallalarda tashkil etishi, muammolarni oʻrganib, ularga yechim topishi zarurligini taʼkidlagan edi. Shuning uchun birinchi navbatda sektor rahbarlari tomonidan tumandagi 26 ta mahallaning aholisi bilan joylarda uchrashuvlar oʻtkazilib, ularni bugungi kundagi dolzarb muammolari tinglandi. Bunda aholini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan muhandislik kommunikatsiya, yoʻl, elektr, ichimlik suvi kabi muammolar qiynab kelayotgani maʼlum boʻldi va bu muammolarning aksariyati qisqa muddatlarda hal qilindi.
Gapning ochigʻi, bu hududda qariyb 40 yillardan buyon eʼtibor qaratilmagan ichki yoʻllar bor edi, shu yilning oʻzida tumandagi 19 ta mahalladagi 40 km.dan ortiq ichki yoʻllar toʻliq asfaltlandi va 2 ta mahallada 3 km. ichki yoʻllar shagʻallandi.
Yana bir katta muammo ichimlik suvi bilan bogʻliq edi. Bu borada 9 ta mahallada 11 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortildi. 2 ta mahallada 7 km. gaz tarmogʻi rekonstruksiya qilindi va barcha mahallalardagi 476 ta GRPlar taʼmirdan chiqarildi.
Shuningdek, aholining elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida mahallalardagi koʻchalarga 67 km. yangi tarmoqlar tortilib, 16 ta yangi transformatorlar oʻrnatildi. Natijada 125 mingdan ortiq aholining yashash sharoiti maʼlum maʼnoda yaxshilandi.
— Prezidentimizning joriy yil 2-apreldagi 5048-sonli qarori doirasida tumanda “Obod mahalla” dasturiga asosan bir qator ishlar amalga oshirilganidan xabarimiz bor. Shu haqda batafsil soʻzlab bera olasizmi?
— Ushbu dastur doirasida 26 ta mahallada belgilab berilgan qurilish ishlari 95 foizga bajarildi. Yaʼni 140 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻlar oʻzlashtirildi.
Taʼkidlash oʻrinliki, shu paytgacha aholining qiynab kelayotgan muammolar - ichki koʻchalar, mahallalardagi muhandislik infratuzilma obyektlari, ijtimoiy soha muassasalariga davlat byudjetidan bunchalik koʻp mablagʻ ajratilmagan. Dasturga tushgan “Porloq” hamda “Yelxon” mahallalarining oʻziga ushbu dastur doirasida 60,0 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, ichki yoʻllar, ichimlik suvlari tarmogʻi, elektr, gaz tarmoqlari, ichki irrigatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalari rekonstruksiya qilindi, 80dan ortiq koʻp qavatli uylarning tashqi fasad qismlari toʻliq taʼmirlandi.
Shuningdek, Dastur doirasida mahallalardagi 10 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 8 ta maktab, 4 ta tibbiyot muassasalarida rekonstruksiya va qurilish ishlari amalga oshirilib, byudjetdan 40,0 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi.
Oʻz binosiga ega boʻlmagan 2 ta mahalla fuqarolar yigʻiniga 1,5 mlrd. soʻm mablagʻ evaziga davlat xususiy sherikchilik asosida zamonaviy bino qurib berildi. Ushbu binolarda mahalladan tashqari, aholiga xizmat turlarini kengaytirish, kasb-hunarga oʻqitish maqsadida oʻquv markazlari ham tashkil etildi.
Keyingi yilda mavjud mahallalarni davlat xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlik subyektlariga bergan holda qaytadan rekonstruksiya qilib, 2-3 qavatlik bino qurib, ularda xizmat turlari va ish oʻrinlarini yaratishni maqsad qilganmiz.
— Tumanda Investitsiya dasturi doirasida qanday ishlar amalga oshirildi?
— Joriy yilda Investitsiya dasturiga muvofiq, 6 ta obyektda qiymati 57 mlrd. soʻmlik qurilish montaj-ishlari bajarildi. “Yuksalish” mahallasining oʻzida 990 oʻquv oʻrinli yangi maktab hamda 150 oʻrinli bolalar shifoxonasi barpo etilyapti. Ushbu obyektlar 2022-yilda foydalanishga topshiriladi.
Shuningdek, tuman prokuraturasining binosi yoʻq edi, faoliyat koʻrsatmay qarovsiz turgan bino qayta rekonstruksiya qilinib, prokratura ixtiyoriga topshirildi. Tumandagi 1-shahar shifoxonasi markaziy shifoxonaga aylantirildi va qoʻshimcha 265 oʻrinli bino qurildi.
Oʻrta Gʻirvon, Quyi Gʻirvon, Yuqori Gʻirvon hamda “Bogʻ” mahallasiga xizmat qiluvchi oilaviy poliklinika mavjud emas edi, 40 mingga yaqin aholi Namangan shahridagi 3-oilaviy poliklinikaga, 3-4 km. masofa bosib qatnardi. Bu masala Quyi Gʻirvonda zamonaviy talablarga mos keladigan 200 oʻrinli oilaviy poliklinika qurib foydalanishga topshirilishi bilan ijobiy yechimini topdi.
— Aholini arzon va zamonaviy uy-joylar bilan taʼminlash shu kunning eng dolzarb vazifasiga aylangan. Bu aholi zichligi jihatidan yuqori oʻrinlarda turuvchi tuman uchun ham nihoyatda ahamiyatli. Mazkur yoʻnalishda Davlatobodda qanday choralar koʻrilyapti?
— Bu maqsadda “Yuksalish”, “Yangi Tong”, “Elobod” mahallalarida 13 ta 640 ta xonadonga ega zamonaviy koʻp qavatli turar-joy binolari qurib foydalanishga topshirildi. Tumanda “Yangi Namangan shaharchasi”ning barpo etilishi, tumanimiz salohiyatini va brendini butun Oʻzbekistonga, balki xorijlik sayyohlar uchun ham zamonaviy maskanga aylantirmoqda. Mazkur loyiha uchun tumanimizning “Yuksalish” hamda Toʻraqoʻrgʻon tumanining “Yettikon” mahallalari hududidan 1371 gektar yer ajratilgan. Belgilangan loyihaga asosan kelgusi yilda 410 ta koʻp qavatli uy, 7 ta maktab, 4 ta bolalar bogʻchasi, shuningdek, koʻplab infratuzilma inshootlari barpo etilishi rejalashtirilgan. “Yuksalish” mahallasidagi bunyodkorliklar bu ishlarning birinchi bosqichi hisoblanadi. 2018−2021-yillarda amalga oshirilgan bu bosqich doirasida 71 ta koʻp qavatli uy qurildi. “Yuksalish”, “Yoshlar” va “Kushon” kichik sanoat zonalari ham tashkil etildi. Joriy yil oxirigacha yana 11 ta koʻp qavatli uylar foydalanishga topshiriladi. Loyihaning ikkinchi bosqichi 2022-2024-yillarga moʻljallangan. Bu boʻyicha “BUXARA SITI” loyihasini ishlab chiqqan Turkiyaning “VERTEBRA STUDIYA” kompaniyasi tomonidan bosh reja ishlab chiqilgan. Hozirgi kunda qurilish loyihaviy takliflar koʻrib chiqilmoqda. Ikkinchi bosqichda 30 ming xonadondan iborat 16 va
24 qavatli uylar, maktab va bogʻchalar, shifoxona, sport majmualari, masjid, kutubxona, IT-park, mehmonxona, biznes markazi, savdo va servis obyektlari qad rostlaydi.
Loyihaning 2024−2026-yillarga moʻljallangan uchinchi bosqichi ham bor. Mazkur “aqlli” shaharcha toʻliq qurib bitkazilganda aholiga shu yerning oʻzida yashashi, ishlashi va dam olishi uchun barcha qulayliklar yaratiladi. Natijada 2026-yilga borib Namangan shahri bir million aholi istiqomat qiladigan yirik megapolis shaharga aylanadi.
— Soʻnggi yillarda aholi, shu jumladan, xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʻlmagan, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga zarurati boʻlgan fuqarolarga davlat tomonidan manzilli koʻmaklashish boʻyicha mutlaqo yangicha tizim joriy qilindi. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar va fuqarolar muammolari boʻyicha qanday natijalarga erishildi? Bu yoʻnalishdagi kelgusi rejalar qanday?
— Tumanimiz tashkil etilganida, “Temir daftar”da 525 ta oila va ularning 1906 nafar aʼzolari mavjud edi. Ularga koʻrsatilgan har tomonlama yordamlar asosida 455 ta oilaning 1605 nafar aʼzolari “Temir daftar”dan chiqarilib, bugungi kunda 70 ta oilaning 301 nafar aʼzolari bilan ish olib borilyapti.
Yil davomida 63 ta oilaga 136 mln. soʻmlik 945 ta parranda, katak va bir oylik ozuqasi bilan berildi. 86 ta oilaga 327 mln. soʻmlik 86 ta tikuv mashinasi, 525 ta oilaga 605 mln. soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 525 ta oilaga 996 mln. soʻmlik naqd pul moddiy yordam tariqasida berildi.
“Yoshlar daftari”dagi 2236 nafar yoshlarning 1961 nafari koʻrsatilgan yordamlar natijasida daftardan chiqarildi. Ularning 107 nafariga 407 mln. soʻmlik tikuv mashinalari, 4 nafariga kichik elektr pechlari, 12 nafariga avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish asbob-uskunalari, 32 nafariga zamonaviy payvandlash hamda “bolgarka” apparatlari berildi. Ular hozir oʻzlari egallagan hunar orqali daromad topishyapti.
Shuningdek, haydovchilik kurslarida oʻqish istagida boʻlgan
116 nafar yoshlarga toʻlov shartnomalarining 70 foizi toʻlab berildi. 27 nafar yigitning oylik harbiy xizmat toʻlovlariga 142 mln. soʻm mablagʻ oʻtkazildi. 4 nafar yoshga umumiy qiymati 22 mln. soʻm boʻlgan kompyuter jamlanmalari taqdim qilindi va ularning ham mehnat faoliyatini boshlashlariga imkon yaratildi.
Bundan tashqari, 28 nafar yoshga 24 mln. soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratilgan boʻlsa, oliy taʼlimda tahsil olayotgan 42 nafar yoshga 182 mln. soʻm miqdoridagi toʻlov-kontrakt pullarining yarmi “Yoshlar jamgʻarmasi” hisobidan qoplab berildi. Bugungi kunda “Yoshlar daftari”da qolayotgan 275 nafar yoshning murojaatlarini ijobiy hal etish choralari koʻrilyapti.
“Ayollar daftari”ga 2250 nafar ayollar kiritilgan edi, ularga koʻrsatilgan yordamlar natijasida 2153 nafari daftardan chiqarildi. 97 nafar ayollarga har tomonlama koʻmak berish choralari koʻrilyapti.
— Tumanda yil yakuni boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar tahliliga ham toʻxtalib oʻtsangiz.
— Bu borada barcha sohalar va tarmoqlarda koʻrsatkichlarni ortigʻi bilan bajarilishi taʼminmoqda. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 116,2 foizga (2,4 trln.soʻm), xalq isteʼmoli mollari ishlab chiqarish hajmini 122,5 foizga (1,6 trln.soʻm), qurilish ishlari (pudrat) hajmini 118 foizga (523mlrd.soʻm), xizmat koʻrsatish hajmini121 foizga(1,1 trln.soʻm) bajarilishi kutilmoqda.
Tumandagi eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash hisobiga 11oy davomida tumandagi 90 ta (yil boshida 60 ta boʻlgan) korxonalar tomonidan 77 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga yoʻnaltirildi. Yil yakuniga qadar 11 ta eksportyor korxonalarning 18 mln. dollarlik ombordagi tayyor mahsulotlarini eksportga yoʻnaltirgan holda, jami 90 mln. dollarlik eksport uchun belgilangan rejasini ortigʻi bilan bajarilishini taʼminlaymiz.
— Aholi bandligini taʼminlash dasturiga asosan, 604 ta loyihalar hisobiga 1821 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etish rejalashtirilgan boʻlsa, bugungi kunga qadar 837 ta loyiha evaziga 2087 ta yangi ish oʻrinlarini yaratgan holda, belgilangan rejaning ijrosi 115 foizga taʼminlandi. 2022-yil uchun qanday rejalar bor?
— Tumanimizda 26 ta mahalla bor, ulardagi aholi soni 15350 nafardan ziyod. Ishsiz fuqarolar 5503 nafarni tashkil etyapti. Bu muammoni hal etish uchun mahallalarning “oʻsish nuqtasi” - drayverini belgilab olganmiz. 6 ta mahallada xizmat koʻrsatish, 6 ta mahallada tikuvchilik, 7 ta mahallada issiqxona, 2 ta mahallada asalarichilik, 2 ta mahallada qoramolchilik, bittadan mahallada sabzavotchilik, baliqchilik va hunarmandchilikni rivojlantirmoqchimiz.
Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha toʻrtta yoʻnalishni belgilab olganmiz. Uning asosida 2022-yilda 12585 ta yangi ish oʻrinlarini yaratamiz. Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha 3600 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Investitsiya dasturlari boʻyicha esa 5968 ta yangi ish oʻrinlarini yaratishni maqsad qilganmiz va bandlik xizmatlari orqali 1884 nafar ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlaymiz. Xizmatlar sohasi orqali 1133 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi nazarda tutilgan. Natijada tumanda ishsizlik darajasi 8,7 foizdan 7,6 foizga kamayadi.
Aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadida ham oldimizda bir qator rejalarni qoʻydik. Jumladan, maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qamrov darajamiz 51 foizni tashkil qilyapti, kelgusi yilda qoʻshimcha 55 ta bogʻcha tashkil etish orqali bogʻchalar sonini 133 taga yetkazib, qamrov darajasini 70 foizga olib chiqamiz. Sogʻliqni saqlash tizimida kelgusi yilda 5 ta sogʻliqni saqlash muassasalari tashkil etiladi. Xalq taʼlimi tizimi boʻyicha qoʻshimcha 2 ta umumtaʼlim muassasalarini tashkil etib, oʻrinlar sonini 31075 taga olib chiqamiz va 80 ta yangi ish oʻrinlari yaratamiz.
“Obod mahalla” dasturi doirasida “Ijodkor” va “Xalqlar doʻstligi” mahallasida 5 km. ichimlik suvi tarmogʻi, 7,2 km. avtomobil yoʻli, 3 ta ijtimoiy soha muassasalari, 10 km. elektr energiyasi tarmogʻi, 1,5 km. tabiiy gaz, 1,5 km. ichki irrigatsiya tarmoqlari tortiladi va bu maqsadlarga 43,0 mlrd. soʻm mablagʻlar yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, kelgusi yilda “Yangi Namangan shaharchasi” hamda “Yangi Oʻzbekiston bogʻi”ni barpo etish ishlari eng qizgʻin pallaga kiradi. Davlatobod tumani Prezidentimiz tashabbusiga koʻra “Sport shaharchasi”ga aylanadi. Bu borada “Navbahor” futbol klubi atrofidagi 44 gektar yer maydonida qoʻshimcha 7 ta standart futbol maydoni, 2 ta basketbol maydonchasi, 120 oʻrinli yotoqxona hamda oshxona, “vork aut”, yopiq basseyn hamda tranajyor zallari quriladi.
Tuman uchun “drayver” soha sifatida uchta yoʻnalish belgilab olingan. Bular - kichik sanoat zonalarini koʻpaytirish, toʻqimachilik va tikuvchilik sanoatini rivojlantirish va xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish yoʻnalishlaridir. Bu yoʻnalishlar boʻyicha 2022-yilda
1,5 trln. soʻmlik loyihalar amalga oshirilib, qariyb 4 ming nafar yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan.
Soliq tushumi bu yil 85mlrd. soʻm kutilayotgan boʻlsa, keyingi yilga borib, 125 mlrd.soʻmga yetkaziladi. Yangi ish oʻrinlari bu yil 2600 ta boʻlsa, bu koʻrsatkichni 2022-yilda 3800 taga yetkazamiz. Ishlab chiqarish hajmi ham bu yilga nisbatan ikki barobar ortadi, yaʼni 1,2 trln. soʻmga yetkaziladi. Eksport hajmini 16mln. dollarga oshirishni reja qilganmiz.
— Mazmunli suhbat uchun tashakkur. Xalq manfaatlari yoʻlida ezgu faoliyatingizga kuch-quvvat tilaymiz!
Sanjarbek HAMIDOV suhbatlashdi.