Farmonga koʻra, toʻqimachilik korxonalarini iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish va ular faoliyatiga manzilli koʻmaklashish boʻyicha korxonalarni qoʻllab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi.

Bunda quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2 mln AQSH dollarigacha ular tomonidan xarid qilingan va toʻlovlari toʻliq amalga oshirilgan yoki oʻzi yetishtirgan xomashyoni garovga olgan holda Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi resurslari hisobidan kreditlar ajratishga;
  • sogʻlomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddatini 7-yilgacha uzaytirib berishga;
  • paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar boʻyicha 2026–2027-yillarda toʻlov grafiklarida yanvar fevral oylari uchun belgilangan toʻlovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi 6 oyga teng taqsimlangan holda toʻlashga.

Shuningdek, yengil sanoat korxonalarida 2026-yil 1-yanvardan quvvati 5 MVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimi joriy qilinadi.

2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlashga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar:

  • tijorat banklari balansidagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklari investorlarga realizatsiya qilishda QQSdan ozod qilinadi;
  • tijorat banklari balansidagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda toʻliq tiklash sharti bilan 1-yil muddatga mol-mulk soligʻini 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlashga ruxsat beriladi;
  • charm-poyabzal, moʻynachilik korxonalari va chorva mollarini soʻyish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar muddati uzaytiriladi.