“English for Science” loyihasining ijobiy samaralari

    Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan ilk marotaba respublikamizdagi yosh olimlar uchun bepul 3 oylik “English for Science” pilot oʻquv kursi yoʻlga qoʻyildi.

    Ushbu kurs uning qatnashchilariga oʻz ilmiy maqolalarini ingliz tilida tayyorlash, xalqaro ilmiy jurnallarda akademik yozuv qoʻllagan holda maqola nashr etish va ilmiy konferensiyalarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishlarida ijobiy turtki boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Mana shunday natijalarni qoʻlga kiritgan dastur qatnashchilaridan biri, Oʻz FA Bioorganik kimyo instituti Kompleks birikmalar laboratoriyasining yetakchi ilmiy xodimi, kimyo fanlari doktori Hamid Xoʻjaniyozovdir. Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kaliforniya shtati San Fransisko shahrida 2021-yilning 22-26-fevral kunlari tashkil etilgan Kataliz va kimyo muhandisligi boʻyicha 5-chi Xalqaro konferensiyada (International Conference on Catalysis and Chemical Engineering) oʻzining “Kislorod va namlik qoʻshimchalarisiz qattiq katalizatorni qoʻshish uchun oddiy uskuna” (Simple tool for adding solid catalyst without oxygen and moisture contamination) nomli maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

    “English for Science” loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yurtimizdagi olimlar uchun oʻzlarining bilim, iqtidor va isteʼdodlarini jahon arenasiga namoyish etishda hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlardan biridir.