Uchrashuvda asosiy masalalardan biri sifatida Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari bilan agrosanoat majmui sohasidagi oʻzaro aloqasi masalalari muhokama etildi.
YEIK vaziri Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ASMni rivojlantirishning Oʻzbekiston tomonidan chuqurroq oʻrganish uchun qiziqarli va foydali boʻlishi mumkin boʻlgan bir qator ustuvor yoʻnalishlarini ajratib koʻrsatdi. Bular — YEOII oziq-ovqat xavfsizligining umumiy tamoyillari va yondashuvlarini shakllantirish, Ittifoq mamlakatlari bozorlariga qoʻshimcha ravishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish bilan bogʻliq boʻlgan ehtiyojlar yoki imkoniyatlar toʻgʻrisida tezkor maʼlumot almashish uchun maydon yaratish, organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining erkin harakatlanishini taʼminlash. Shuningdek agrosanoat majmuida akademik mobillik mexanizmlarini yaratish, Ittifoq agrosanoatini rivojlantirish xaritasini ishlab chiqish, ittifoqdosh davlatlarning milliy tovar ishlab chiqarish tizimlarini bir-biriga bogʻlash, shu jumladan Yevroosiyo ulgurji va logistika majmualarini shakllantirish ham ustuvor ahamiyatga ega masalalardan sanaladi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev agrosanoat kompleksi sohasida YEOII davlatlari bilan hamkorlikni oʻzaro manfaatli ravishda chuqurlashtirish foydali ekanini bildirib, akademik mobillikni rivojlantirish mexanizmlarini yaratish va aʼzo davlatlarning milliy tovar oʻtkazish tizimlarini birlashtiruvchi loyihalarga toʻxtaldi.
Muloqot davomida veterinariya va fitosanitariya nazorati milliy siyosatini yana-da takomillashtirish vazifasini qoʻyilgani, ushbu yoʻnalishda texnik standartlarni moslashtirish, infratuzilmani modernizatsiyalash uchun birgalikda harakat qilish kerakligi, buning uchun esa Oʻzbekistonning veterinariya va karantin xizmatlarini YEOII davlatlarining xuddi shu sohalardagi inspeksiya organlari bilan birlashtirish uchun maydon yaratish mumkinligi taʼkidlandi.
YEIK vazirining fikricha, oldinda milliy mahsulotlarni oʻtkazish tizimini yagona tarmoqqa birlashtirish vazifasi turibdi. Bu borada vazir Artak Kamalyan “YEOII tashkilotining mahsulot taqsimlaydigan yagona tarmogʻi Ittifoqning oʻzaro va tashqi savdosini kuchaytirishga, transport oqimini maqbullashtirish, ishlab chiqarish va mahsulot sotish bilan bogʻliq logistik va umumiy xarajatlarni kamaytirish uchun koʻmaklashish, oxir-oqibatda isteʼmolchilarni sifatli, yangi mahsulotlar bilan taʼminlashga qaratilgan”, – degan fikrni ilgari surdi.
YEIK Vaziri Oʻzbekiston bilan YEOII mamlakatlari oʻrtasida savdo-sotiq hajmining yuqori ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Xususan, 2020-yilda YEOII mamlakatlaridan Oʻzbekistonga eksport qilingan qishloq xoʻjaligi xom ashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari 1,7 milliard dollarni tashkil etib, 2019-yil bilan taqqoslaganda, 38,2%ga oshgan. Oʻzbekistondan YEOII davlatlariga import hajmi esa 12,3%ga oʻsib, 656,4 million dollarni tashkil etgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy qismi fermer xoʻjaliklari tomonidan yetishtiriladi. Shu munosabat bilan, YEIK vaziri fikriga koʻra, Ittifoq davlatlari va Oʻzbekiston oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish va logistik infratuzilma samaradorligini oshirish uchun salohiyat mavjud, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.