Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Qo'qon shahar bo'limlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro V.X. Beshariq tumanidagi “V.O.” fermer xo'jaligiga qarashli 20,5 gektar yer maydonini fuqaro M.ning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 18 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining rasmiy manbalarida e'lon qilindi.
Departament hamda DXXning Guliston tumani bo'limlari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.B. va A.T.lar oldindan til biriktirib, o'zganing juda ko'p miqdordagi mulkini qo'lga kiritish maqsadida, fuqaroga “A.” fermer xo'jaligining 20 gektar yer maydonini 19 000 AQSH dollariga firibgarlik yo'li bilan sotishga kelishib, shundan 15 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro G'.X. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqaro R.ga Boyovut tumanidagi “M.” fermer xo'jaligining 10 gektar yer maydonini 14 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 10 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Urganch shahar bo'limi hamda DXXning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro R.K. boshqa bir fuqaroning Urganch shahridagi 2,1 sotix yer maydonini fuqaro M.ga 6 000 AQSH dollariga sotishga kelishib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga oldindan 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov harakatlari o'tkazilmoqda.