Avvalo, fermer xoʻjaliklarining huquqiy maqomini mustahkamlash, yerni sotib olish, foydalanish, mahsulot yetishtirish va sotishda ularga keng imkoniyatlar berilmoqda. Sohaga raqamlashtirish kirib kelmoqda. Paxta va gʻallaga ixtisoslashgan qishloq xoʻjaligi bogʻdorchilik, sabzavotchilik, uzumchilik va issiqxona xoʻjaliklariga aylantirish orqali diversifikatsiya qilinmoqda.

Fermerlar faoliyatiga maʼmuriy aralashuvni keskin qisqartirish va mahsulot yetishtiruvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan tub islohotlar natijasida sohada yangi tizim yaratildi.

Jumladan, sohani raqamlashtirish orqali qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ajratishda shaffof mexanizm joriy etilib, fermerlarga elektron auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati va ijara huquqini himoya qilish kafolati berildi.

Prezidentimizning 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan, faqat zaxirada turgan yerlarni hamma uchun ochiq elektron auksion savdolar orqali erkin sotib olish imkoniyati yaratildi.

Ijara huquqi kafolati oʻlaroq, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning oʻzida yer uchastkasini olib qoʻyish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 24-avgustdagi “Mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yoʻl qoʻymaslik, xususiy mulkning kapitallashuv darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2022-yil 1-sentyabrdan bosh­lab yer uchastkalariga huquq vujudga kelishi uchun asos boʻlgan hujjatlarni, jumladan, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlarini ularning oʻzi yoki yuqori turuvchi organ va mansabdor shaxslar tomonidan, xususan, prokuror protesti asosida bekor qilish mumkin emasligi belgilandi.

Farmonga muvofiq, fermer xoʻjaliklarining yer ijara shartnomasi uning ­notarial tasdiqlangan rozilik arizasiga asosan tomonlarning kelishuviga koʻra yoki faqat sud tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Fermerlar ijara huquqi kafolatlari Yer kodeksi darajasida mustahkamlanib, yerdan foydalanuvchining oʻz arizasiga yoki sudning qaroriga asosan ijara huquqi bekor qilinishi tartibi oʻrnatildi.

Prezidentimizning 2026-yil 24-apreldagi “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bilan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish boʻyicha taj­riba-sinov tariqasida boshlangan yangi tizimning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, ushbu amaliyotni respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish orqali yaxlit tizimni joriy qilish belgilandi.

Endilikda yerdan foydalanish ixtisosligi oldindan belgilanib, elektron onlayn auksion savdolarga chiqarilgan va uzoq davr­dan beri sotilmay turgan 117,6 ming gektar yer uchastkalari yangi tizim asosida qaytadan auksion savdolarga chiqariladi.

Har bir hududda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega hamda eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishga asos­langan, sanoat usulidagi kamida 5 tadan plantatsiya tashkil etishga qaratilgan loyi­halar qoʻllab-quvvatlanadi.

Farmon bilan shunday tartib oʻrnatildiki, 2026-yil 1-maydan boshlab respub­likaning barcha hududlaridagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiya­lar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi  farmonida belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi.

Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlarining taklifiga asosan 50 gektardan 500 gektargacha oʻlchamdagi yer uchastkalarini faqat sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil qilish va chorvachilik uchun yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish turini belgilagan holda auksion savdolarga chiqarishga yoʻl qoʻyiladi.

Auksion savdolarga chiqariladigan yer uchastkalarining boshlangʻich narxi yer uchastkasi normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi, har bir takroriy savdoda sotilmagan lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlangʻich narxning 10 foizi miqdoriga (yer uchastkasini auk­sion savdolarga chiqarish xarajatlaridan kam boʻlmagan miqdoriga) qadar pasaytiriladi.

Yer uchastkalarini paxtachilik va gʻallachilik ixtisosligi boʻyicha ijaraga olgan subyektlar jami yer uchastkasining 50 foiz qismiga nisbatan ijara huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechganda yer uchastkasining oʻzida qoladigan qismi uchun yangi tizimda belgilangan huquqlar, majburiyatlar va yangidan 49 yilga ijara huquqiga ega boʻladi.

Qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida eng yaxshi taklifni tanlab olish yoʻli bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mahalliy investorlarga 49 yil muddatga va “Ijaraga berilgan qish­loq xoʻjaligi yerlariga xizmat koʻrsatish direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat­lari — direksiyaga 25 yil muddatga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga beriladi.

“Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan ikkilamchi ijaraga berilgan yer uchastkalarini yangidan oʻzlashtirish, qayta foydalanishga kiritish va ulardan foydalanish holati yuzasidan yiliga ikki marta har kalendar yil yakuniga qadar kosmik monitoring oʻtkaziladi.

Direksiyaga ijaraga berilgan yer uchastkalari xorijiy va mahalliy investorlarga ikkilamchi ijaraga berilishi yoki berilmasligidan qatʼi nazar, yer uchastkalari boʻyicha hisoblangan yer soligʻi toʻligʻicha direksiya tomonidan toʻlanadi.

Yana bir muhim masala. Avvalgi yillarda boʻlib-boʻlib toʻlash asosida dehqon xoʻjaligi yuritish va yuridik shaxs tashkil etish uchun ijaraga berilgan barcha turdagi yer uchastkalariga boʻlgan ijara huquqini sotib olish boʻyicha auksion savdolarda shakl­langan qiymat hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan aniqlangan lo­yihalarga toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalarining baholangan (qoʻllangan koeffitsiyentlarni inobatga olgan holda) qiymatdagi mablagʻlar tuman (shahar)lar mahalliy byudjetiga auksion gʻoliblari va ijarachilardan undirilishi taʼminlanadi.

Yangi tizim asosida ijaraga berilgan yer uchastkalarida sanoat usulida tashkil etiladigan intensiv bogʻ, tokzor, anorzor, yengil konstruksiyali issiqxona, rezavor mevalar, gulchilik, koʻchatchilik va sabzavotchilik plantatsiyalari uchun qoʻllab-quvvatlash ­choralari joriy etildi.

Jumladan, direksiya tomonidan tanlanadigan, sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil etiladigan yer uchastkalari sugʻorish tizimlarini yaxshilash, elektr energiyasi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 1,5 milliard soʻmdan oshmagan qismi direksiya mablagʻlari hamda yer uchastkalarini ijaraga berishdan va nobudgarchilik toʻlovlaridan mahalliy byudjetlarga tushadigan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi, bunda direksiya buyurtmachi vazifasini bajarishi mumkin.

Yana bir yangilik: barcha turdagi qish­loq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga meva-sabzavotlarni zamonaviy qadoqlab shartnoma asosida realizatsiya qilishda qadoqlash xarajatlarining 50 foizgacha qismi Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan in-vitro usulida yetishtirilgan mevalar turi boʻyicha sertifikatlangan koʻchat ekib, sanoatlashgan plantatsiyalar tashkil etilganda ushbu koʻchatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

2026-yil 1-maydan boshlab qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari investorlar, shu jumladan, chet el investitsiya­lari ishtirokidagi korxonalar, xorijlik yuridik va jismoniy shaxslarga toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilmaydi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, xorijlik yuridik va jismoniy shaxslarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga olish boʻ­yicha auksion savdolarda ishtirok etishi va qayta ijaraga olishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tasarrufida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari mavjud boʻlgan yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yuridik shaxslarning ulushdorlari tomonidan ustav fondidagi ulushlarni chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita begonalashtirishga ruxsat berilmaydi.

Xulosa oʻrnida aytganda, yer haqiqiy egasiga beriladi. Egasini topgan yer esa hech qachon qarovsiz qolmaydi. Fermerda mulk­dorlik va masʼuliyat hissi uygʻonadi. Shu tariqa agrar tarmoqda yangicha dunyoqarash shakllanib, yangicha ishtiyoq paydo boʻladi. Bu esa bozorlarimiz toʻkinligida, yuksalayotgan eksport koʻrsatkichlarida namoyon boʻlmoqda.

Zafar MUSTAFOQULOV,

Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi oʻrinbosari