Mazkur hujjat Prezidentimizning “Geologiya sohasiga investitsiyalarni faol jalb etish, tarmoq korxonalarini transformatsiya qilish va respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasida yer osti boyliklaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari roʻyxati, ularning vakolat doiralari aniq belgilanmoqda, yer qaʼri uchastkalarining davlat fondiga yangi “zaxira fondi” tushunchasi kiritilib uning mohiyati ochib berilmoqda.
Shu bilan birga, dastlabki geologik maʼlumot tushunchasi kiritilib, u kim tomondan qay tartibda yuritilishi, uning turlari belgilanmoqda. Yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning (ruxsatnoma berilganligi, yer qaʼridan foydalanuvchilarning yillik xarajatlari, ruxsatnomaning boshqa shaxsga oʻtkazilganligi, mahalliy ish kuchi va xizmatlarni taʼminlash uchun ajratilishi lozim boʻlgan xarajatlar miqdori) ochiqligi koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnomaning barcha turi konkurs orqali berilishi, istisno hollardagina toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali berilishi mustahkamlanmoqda. Shu tariqa ruxsatnoma olish tartibi tubdan soddalashtirilmoqda.
Qonun loyihasi bilan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish tartib-taomillari takomillashtirilmoqda. Xususan, geologik jihatdan oʻrganish oʻtkazilmagan va kam oʻrganilgan yer qaʼri uchastkalarini xalqaro standartlar asosida bloklar (maydonlar)ga ajratish tizimi joriy etilmoqda. Bunda yer qaʼridan foydalanish uchun ruxsatnomalar talabgorning murojaatiga muvofiq “birinchi kelgan birinchi oladi” prinsipi asosida shaffof mexanizmlar orqali onlayn tarzda berilishi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilib, Davlat geologiya qoʻmitasiga va Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga ularning murojaatlariga asosan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratilishi va keyinchalik yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun ijaraga berilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yer qaʼri uchastkalarini sotish, hadya qilish, meros qilib qoldirish, omonatga yoki garovga qoʻyish taqiqlanmoqda. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun toʻlov turlari va miqdori aniq alohida-alohida moddalarda belgilab qoʻyilmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi yer osti boyliklaridan foydalanishdagi ziddiyatlarni bartaraf etishga, barcha subyektlarga yer qaʼridan foydalanish tizimini bir xilda amal qilishiga xizmat qiladi.
Qoʻmitada qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.
Dilshod NORMURODOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Devonining masʼul xodimi