Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasida belgilanayotgan normalar yer qaʼrini geologik oʻrganish, undan samarali va masʼullik bilan foydalanish va qayta toʻldirish, uni zamonaviy amaliyot bilan uygʻunlikda muhofaza qilish hamda tizimli nazoratini taʼminlashga qaratilgan.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan yer qaʼridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda. Shuningdek, yer qaʼridan barqaror foydalanish tamoyili kiritilib, oqilona ishlatish talablari yer qaʼridan foydalanuvchilarning majburiyati sifatida belgilanmoqda.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi yer osti boyliklarini masʼuliyat bilan geologik jihatdan oʻrganish va ulardan foydalanish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, barqaror yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.