Qarorga koʻra, Kadastr agentligining “Ye-YER NAZORAT” tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi.
2026-yil 1-yanvardan maxsus vakolatli davlat organlarining yer qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar koʻrishga oid vazifalari faqatgina “Ye-YER NAZORAT” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yerga oid huquqbuzarlik darajasiga koʻra hududlarni quyidagicha toifalarga boʻlish belgilandi:
- “qizil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash ehtimoli yuqori hududlar;
- “sariq” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash ehtimoli oʻrta hududlar;
- “yashil” toifadagi hudud – yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash ehtimoli past hududlar.
Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.