Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmaliq shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.A. boshqa bir fuqaroga ajratilgan 20 sotix yer maydonini firibgarlik yoʻli bilan 110 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departament hamda DXXning Fargʻona viloyati boshqarmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro S.U. Beshariq tumanida joylashgan “Qoʻqon davlat oʻrmon xoʻjaligi”ga tegishli 5 gektar yer maydonini fuqaro D.ga rasmiylashtirib berish evaziga 8 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Tuproqqalʼa tuman boʻlimi hamda DXXning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.O. boshqa bir fuqaroga tumandagi “P.Maxmud” mahallasida joylashgan zaxiradagi 6 sotix yer maydonini oʻziga tegishli ekanligiga ishontirib, ushbu yer maydonini 6 800 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro X.B. issiqxona qurish uchun ajratilgan yer maydonining 12 sotixini boshqa bir fuqaroga uy-joy qurish uchun berish evaziga 3 000 AQSH dollarini firibgarlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.