Qonun bugungi kunda dolzarb boʻlgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish bilan bogʻliq munosabatlarda qonuniylik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.

Qolaversa, oxirgi yillarda mamlakatimizda mulk daxlsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli choralar koʻrilayotgani va ushbu Qonun ana shu yoʻldagi saʼy-harakatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlishi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, Qoʻmita majlisida aholining huquq va manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlash nuqtayi nazaridan mazkur Qonunda konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar borligiga eʼtibor qaratildi.

Qonunda yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga asos boʻladigan holatlar aniq koʻrsatilgan. Biroq Qonunda yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish masalasi, jumladan talab etiladigan xarajatlar miqdori (kompensatsiya) dastlab mulkdor bilan emas, balki joylardagi vakillik hokimiyati organlarida, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarida muhokama qilinishi belgilangan.

Qoʻmita aʼzolari masala, avvalo, mulkdor bilan muhokama qilinishi, barcha hisob-kitoblar oʻzaro kelishilishi va shundan keyingina Joʻqorgʻi Kenges yoki mahalliy Kengashga kiritish zarurligiga alohida eʼtibor qaratishdi.

Bundan tashqari, majlisda hududlarda yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish bilan bogʻliq muammoli holatlardan misollar keltirilib, mulkdor bilan kompensatsiya masalasini uzil-kesil kelishmasdan turib, masalani mahalliy Kengash muhokamasiga kiritish xarajatlar miqdori oldindan chegaralanib qolishiga olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.

Qonun yuzasidan Qoʻmita aʼzolari, senatorlar, manfaatdor vazirlik va idoralarning vakillari oʻz munosabatini bildirdi.

Ana shu jihatlarni eʼtiborga olib, Qoʻmitaning ushbu Qonunni qayta koʻrib chiqilishi yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.