Yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallash bilan bogʻliq 23 ming 695 ta holat aniqlandi

    Kadastr agentligining maʼlum qilishicha, joriy yilning ikkinchi choragi davomida Agentlik tomonidan respublika boʻyicha yer uchastkasini oʻzboshimchalik bilan egallash bilan bogʻliq 23 ming 695 ta (3 756,5 gektar) holat aniqlandi.

    Aniqlangan yer qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va ularga nisbatan choralar koʻrish maqsadida Agentlik organlari tomonidan huquqbuzarlarga berilgan yozma koʻrsatmalar natijasida 12 ming 734 tasi (1 384,6 ga) ixtiyoriy ravishda bartaraf etildi.

    Noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish yuzasidan 8 ming 562 ta (2 044,8 ga) holatda sudlarga daʼvo arizalari kiritilib, jinoyat alomatlari mavjud boʻlgan 1 ming 46 ta (217,9 ga) ish hujjatlari prokuratura organlariga yuborilishi taʼminlandi.

    905 ta holatda yerlardan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanib, ushbu yerlarga boʻlgan huquqlarni bekor qilish yuzasidan hokimliklarga 892 ta taqdimnoma hamda sudlarga 13 ta daʼvo arizalari kiritildi.

    Shuningdek, yerga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ommaviy va ijtimoiy tarmoqlar orqali 2 ming 744 marotaba profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.