“Oʻzagroinspeksiya” faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy-normativ hujjatlarga asosan inspeksiya organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi ijrosi boʻyicha doimiy ravishda monitoring-tahlil tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Tadbirlar davomida qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer resurslaridan oqilona foydalanish, unda aholi va ichki isteʼmol bozori uchun moʻl va sifatli mahsulot yetishtirilishi masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Jumladan, Inspeksiyaning Paxtachi tuman boʻlimi tomonidan 2020-yilda qonunchilik ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilganda, 44 ta holatda yer resurslaridan foydalanishda qonunbuzilishlar sodir etilgani aniqlandi. Qonunbuzilishlarning 10 tasida tumanda foliyat yuritib kelayotgan fermer xoʻjaliklari tomonidan yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanilayotganligi kuzatildi. Paxtachi tuman maʼmuriy sudining hal qiluv qaroriga asosan, ularga nisbatan qonuniy taʼsir chorasi koʻrildi.
Shuningdek, 3 ta holatda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolar ustidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Paxtachi tuman prokuraturasiga yuborildi. Yer maydonini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan fuqarolarga nisbatan, qurilish osti maydonlarga 30 million soʻmdan ortiq zarar hisoblanib, Fuqarolik ishlari boʻyicha Kattaqurgʻon tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Zohid Safarov,
“Oʻzagroinspeksiya”ning Paxtachi tuman boʻlimi katta inspektori