Yerga ijara huquqidan kredit taʼminoti sifatida qanday foydalanish mumkin?

    Vazirlar Mahkamasining 30.09.2025-yildagi 613-son qarori bilan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalariga ijara huquqini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Hujjat quyidagi tartiblarni belgilaydi:

    • qonunchilik hujjatlarida yoki ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga ijara huquqini ijaraga beruvchining roziligisiz kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish;
    • yer uchastkasiga ijara huquqini garovga qoʻyishni rasmiylashtirish;
    • ijara huquqidan garovga oluvchining talablarini qanoatlantirish;
    • undiruv qaratilgan yer uchastkasiga ijara huquqini ochiq savdolarda sotish.

    Quyidagi hollarda yer uchastkasiga ijara huquqi garov obyekti boʻlishi mumkin emas:

    • ikkilamchi ijaraga beriladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari;
    • qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijara huquqi toʻxtatilgan yoki nizoli (sud ishlarini yuritish, surishtiruv yoki tergov harakatlari jarayonida) yer uchastkalari;
    • ijara shartnomasida garovga qoʻyishni taqiqlovchi holatlar nazarda tutilgan yer uchastkalari;
    • ijara shartnomasi davlat hisobidan chiqarilmagan yer uchastkalari;
    • ijara shartnomasi boʻyicha ijara muddati tugagan yer uchastkalari;
    • davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan yer uchastkasida oʻzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi mavjud boʻlsa;
    • qonunchilik hujjatlariga muvofiq yer uchastkasini yoki unga boʻlgan huquqlarni garovga qoʻyish mumkin boʻlmagan boshqa hollarda.

    Ijara huquqi kredit tashkiloti tomonidan yer uchastkasining ijara muddati va uning bozor qiymatidan kelib chiqib, kredit boʻyicha taʼminot sifatida taqdim etiladi.

    Bunda garovga qoʻyilgan yer uchastkasining ijara muddati kredit muddatidan kamida besh yildan ortiq boʻlishi kerak.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 02.10.2025 yildan kuchga kirdi.