Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrda “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq ho'jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori e'lon qilindi. Unda aholining daromad topishiga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, agrar sohada o'z biznesini tashkil etishga ko'maklashish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo'jaliklarining ulushini oshirish va qishloq xo'jaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Xususan, dehqon xo'jaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berishda o'z tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini etishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega bo'lgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik beriladigan bo'ldi.

Prezidentimizning mazkur qarori bo'yicha dehqon xo'jaligi uchun ajratilgan yerlar lot (auktsion)ga qo'yilmoqda. Auktsionga faqat elektron raqamli imzo kaliti orqali kirish mumkinligini inobatga olgan holda tuman va shahar Davlat xizmatlari markazi xodimlari, tuman hokim yordamchilari, kadastr va mahallalar bilan hamkorlikda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro'yxatda turgan ehtiyojmand oilalar ushbu tanlovlarda qatnashish uchun elektron raqamli imzo (ERI) kalitlari sayyor tartibda, bepul  berilmoqda. 

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga ERI kalitini taqdim etish avtomatlashtirildi. Ya'ni ushbu daftarni elektron tizimiga kiritilgan fuqarolar ERI kaliti olish uchun murojaat qilganda qaysi daftarga kiritilgan bo'lsa, shu ustun tanlanadi va kalit yaratish tugmasi bosiladi. Shunda shaxs ro'yxatda mavjud bo'lsa, ERI kaliti yaratiladi. Agar ro'yxatda bo'lmasa xatolik beradi. Kuni kecha Yuqori Chirchiq tumanidagi “Qorsoy”, “Miyam qangli” mahalla fuqarolar yig'inida aholiga bepul ERI kalitlari topshirildi.

Shu jarayonda aholiga mutaxassislarimiz tomonidan ERI kalitidan foydalanish imkoniyatlari bo'yicha huquqiy tushunchalar ham berilmoqda.

Kun davomida Toshkent viloyatida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 40-50 nafar fuqarolarga ERI kalitlari bepul taqdim qilinmoqda.

Fursatdan foydalanib, aholining qishloq xo'jaligi sohasida mustaqil faoliyat yuritishi va o'z daromadiga ega bo'lishini ta'minlash maqsadida davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va qulayliklardan oqilona foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlari ERI kalitlarini berish uchun doimo tayyor ekanligini bildiramiz.

Jasur Qayumov,

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

boshlig'i o'rinbosari