Katta yo‘lning ikki tomoniga yoyilgan dalalar adirlarga tutashgan. Hafsala bilan terilgan qovun-tarvuzga ko‘zim tushib, mashinani yo‘l chetiga to‘xtatdim. Boshiga durra yopgan dehqon amaki menga peshvoz chiqdi.
— Kelsinlar, qani, qizim, qovun-tarvuzdan tanlang!
— Bu oltinrang qovunlarning bemazasi boʻlmasa kerak, amaki, — dedim tabassum bilan. Suhbatimiz qizidi. Dehqon yoz neʻmatlari taʻrifini keltirib charchamasdi. Hayratim unga yanada ilhom berayotgani shubhasiz. Gap orasida tugʻilgan joyimni soʻradi oqsoqol.
— Oltiariqdanman, — dedim quvonib.
— Ey-ey, siz Erkin Vohidovning qishlogʻidanmisiz?! Men shoirning asl muxlislaridanman. “Oltin devor”ni qayta-qayta oʻqisam, dilim yayraydi. Sherali Joʻrayev “Oʻzbegim”ni boshlasa, urushda va Sibirda uvol boʻlgan jigarlarimni eslab, yuragimni boʻshataman.
Dehqon bilan uzoq suhbatlashdik. Daladan narini koʻrmagan, ketmon orqalab umri oʻtgan bu tozadil insonning millat shoiri haqida bilganlarini, Erkin Vohidovning dostonlaridan keltirayotgan aytimlarini eshitib, xalqqa yaqin boʻlish, xalq shoiri emas xalqning shoiri boʻlish aslida mana shu ekaniga iqrorim mustahkamlandi.
Darhaqiqat, Erkin Vohidov qalami bilan qalbi uygʻun ijodkor edi. Inson zoti azaldan sheʻru qoʻshiqdan dardiga malham, quvonchiga yoʻldosh izlaydi, koʻngli soʻzga qoʻshilgan aytimlarni xirgoyi qiladi. Ustoz shoir ham har bir satri beixtiyor kuyga qoʻshiladigan, aytari koʻngillarni topib boradigan ana shunday tugʻma shoirlardan edi. Qalblarga ezgulik urugʻini qadaguvchi ijod ahlining ismi-sharifi oldiga “sevimli” soʻzi urgʻulab qoʻshilishi bejiz emas. Zero, xalqimiz oʻzidan chiqqan, koʻngliga oyna tutib, umidini ulgʻaytiradiganlarni sevadi.
Xalqimizning sevimli shoiri Erin Vohidovni bilmagan, uning qoʻshiqqa aylangan misralarini yod olmagan oʻzbek bolasi boʻlmasa kerak.
Shams — dil taftingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jahon zabtingdadur,
Bogʻbon oʻzing, posbon oʻzing...
... Onaizoring — zamin,
Tanho yoʻgʻu boring — zamin,
Xasta bemoring — zamin,
Oʻgʻlon oʻzing, darmon oʻzing,
Bagʻrida yotquchi — sen,
Neʻmatlarin totquchi sen,
Tigʻ boʻlib botquchi — sen,
Paykon oʻzing, qalqon oʻzing.
Erkin Vohidovning Vatan ardogʻi, yurt kamoli, inson tiynati, yashash mohiyati, muhabbat saodatiga bagʻishlangan koʻplab sheʻrlari yoshlar madhiyasiga aylangan. Shoir misralarida hayotsevar, olovli qalb egasining oʻziga xos qoʻshiqlari jaranglayotganday boʻladi.
Yurtimizning Oltiariq goʻshasi faqat uzum, turp, bodring yetishtirib, dunyo bozorlarini egallashdagina emas, millatning adabiy oltin fondini zabardast adiblar bilan boyitishda ham yetakchilardan. Bu moʻtabar tuproqqa aziz boʻlganlar kamida shoirga aylanadi. Erkin Vohidov ana oʻsha Oltiariq atalmish firdavsda dunyoga kelgan. Shuning uchun uning ijodida bagʻrikenglik, mardlik, ulugʻlik zalvori joʻsh urib turadi.
Fursating yetmaydi doim,
Hech qachon yetgan emas.
Mehnating bitmaydi doim,
Hech qachon bitgan emas.
Chun zamondek bepoyondir
Koʻksing ichra orzu,
Fursatu orzuni quvlab
Hech kishi yetgan emas.
Intilar borliqni inson
Barkamol etmoq uchun,
Ne ajab, insonni borliq
Barkamol etgan emas,
deydi shoir sheʻrlaridan birida. Bu satrlar dilingizni topmay qoʻymaydi. Beixtiyor koʻngildagi koʻch-koʻroningiz bilan sheʻrga koʻchasiz. Soʻzning qudrati, adabiyotning moʻjizasi ana shunda emasmi?!
Ijod hamma davrda ham oʻz peshqadamlari, quyma talantlarini yuzaga chiqargan. Bugun kitobxonning adabiy didi, talabi, sheʻriyatdan izlagani kechagidek emas. Isteʻdodlarga nisbatan kitoblar behisob davrda yaxshi sheʻrni koʻzingga surtging keladi. “Inson qasidasi” yoki “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor” kabi sheʻrlarni aytib, koʻngling ravshan tortadi. Tanamizdagi dardimiz haqida shifokorlar bosh qotirsin-u, koʻngil malhami, qalb halovati boshqa narsada endi. Faqat xudo bergan qalamgina oʻzing bilan oʻzingni yuzma-yuz qilib, ilkingni toʻqlaydi.
Ustoz “Shoir har qancha kuchli, oʻziga xos boʻlmasin, bir ohangda, bir uslubda yozaversa, oʻz-oʻzini takrorlab qoʻyishi mumkin...”, degan edi “Qirq yosh yuki” maqolasida. Chindan ham, Erkin Vohidov faqat sheʻrlar, hajviyalar yozgan shoir sifatida emas, balki mudrab qolgan aruz vaznini oʻziga xos ovozi, isteʻdodi bilan qayta uygʻotgan gʻazal ustasi sifatida ham adabiyot boʻstonida chuqur iz qoldirdi. Gʻazalga samimiyatni yanada uygʻun etdi. Shuning uchun ham uning gʻazallari sodda va ravon, qoʻshiqdek tildan dilga oson koʻchadi.
“Davrlar keladiki, ijod ahlining ijtimoiy faolligi uning yozganlaridan koʻra muhim hisoblanadi”, degan edi ulugʻlarimiz. Har bir davrning shiddati kishi yelkasiga ana shunday ikki hissa fidoyilik yukini ortadi. Erkin Vohidov bu sharafli burchga sidqidildan yondashdi. U yozgan kitoblari odamlarga qachon yetib borishi, eʻtirof etilishini bir burchakda kutib oʻtirmadi. Aksincha, xalq ichiga kirib, uning orzulari, qiyinchiliklarini birga kuyladi. Siyosat, ijtimoiy hayot va odamlar oʻrtasida adabiyot atalmish muqaddas va ulugʻ koʻprikni yanada mustahkamlashga hissa qoʻshdi. Siyosat yoʻnalishida faoliyat yuritar chogʻi koʻp ijodkorlar qalamidan fayz, ijodidan samimiyat ketganini koʻrdik. Lekin Erkin Vohidov qancha balandlamasin, ildizlari, oʻzligi, adabiyotga soʻnmas sadoqati bilan birga yuksaldi.
2018-yilda Margʻilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi barpo etildi. Bugun ijod maktabida 160 dan ortiq isteʻdod sohibi taʻlim va ijod sirlarini oʻrganmoqda. Oʻquvchilar jahon andozalariga mos sinfxonalarda tajribali, ijodkor ustozlardan taʻlim-tarbiya olmoqdalar. Oʻquvchilarning darsdan keyingi vaqtini unumli va sermazmun oʻtkazish maqsadida ijod maktabida “Tasviriy va raqamli sanʻat”, “Kompyuter grafikasi”, “Audiovizual asarlarni yaratish va qayta ishlash”, “Veb dizayn”, “Teleradiojurnalistika”, “Drama” kabi zamonaviy toʻgaraklar faoliyat koʻrsatmoqda. Maktabda oʻquvchilar ijodiy qobiliyatini namoyish etishi uchun “Oʻzbegim” radiosi, “Oʻzbegim” oynomasi, “Oʻzbegim” koʻrsatuvi va matbuot xizmati boʻlimi tashkil etilgan. Bundan tashqari, ijod maktabida “Oltin devor” drama toʻgaragi, “Chashma” adabiy toʻgaragi, “Badiiy tarjima” toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Toʻgaraklarga Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʻzolari rahbarlik qilmoqdalar.
Shuningdek, ijodkor kamol topishida adabiy muhitning oʻrni juda muhim ekanini his etgan holda reja asosida har oyda bir marta taniqli adabiyot ustazodalari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi.
Faxr bilan aytgim kelgani, 2019-2023-yillar davomida Yozuvchilar uyushmasi aʻzosi, ijod maktabi murabbiyi Bahodir Iso “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” unvoni bilan, maktab oʻqituvchilari Munira Qoʻqonova “Shuhrat” medali, Davlatjon Karimov “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 11-sinf oʻquvchisi Nilufar Ergasheva “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Maktab oʻquvchilarining oʻnlab kitoblari, toʻplamlari chop etilib, ustoz ijodkorlar tomonidan eʻtirof etilmoqda. Qolaversa, ilm toliblarining yurtimiz va xalqaro miqyosda erishayotgan yutuqlarining ham salmogʻi baland.
Adabiyot xalqning yuragidir. U insonni ezguliklarga, yaxshiliklarga safarbar etadi. Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabida oʻzbek adabiyoti rivojiga ustoz adib kabi munosib hissa qoʻshadigan ilmi va maʻnaviyati barkamol yoshlar yetishib chiqishidan umidvormiz.
***
Tirikchiligi tuproqdan-u, qalb fasohati osmon boʻlgan dehqon amaki bilan dildan suhbat qurdik. Ketar chogʻim dehqon hafsala bilan tilyorar qovun-tarvuzning saralarini mashinaga yukladi. Pul bersam, olgani unamadi.
— Qoʻysangiz-chi, qizim, axir siz sevimli shoirim Erkin Vohidovning qishlogʻidan ekansiz. Biz tomonga yoʻlingiz tushsa, albatta, yana keling. Bu polizdagi qovun-tarvuzlar sizga bepul, — dedi tabassum bilan.
Yoʻl boʻyi koʻnglimdan ajib tuygʻular oʻtdi. Qalam tutganlarning hammasi ham qalamga, qalbga sadoqat bilan tura olmaydi. Yozilganlarning hammasi ham yillar oʻtsa-da, odamlarning diliga, tiliga jo boʻlavermaydi. Zero, umri boqiy asarlarni yaratmoq ulugʻlar ishi. Ezgulikka xizmat qiladigan adabiyot bor ekan, insoniyat qalbidagi maʻnaviyat, adabiyot daryosi mavjlanib, undan sipqorganlarning bu dunyodagi rutbasi va fazli yuksalib boraveradi.
Dilshoda ERGASHYeVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʻzosi