Sharq gavhari, qadimiy va hamisha navqiron, yer yuzining sayqali boʻlgan Samarqand bugun yana dunyo nigohida. Shahrimiz sayyoramizning eng nufuzli, obroʻli xalqaro tuzilmalaridan biri – Shanxay hamkorlik tashkilotining 22 sammitiga mezbonlik qilmoqda.
Sammitda 15 davlat yetakchisi, oʻndan ortiq xalqaro tashkilotlar vakillari, dunyoning koʻzga koʻringan ekspert va tahlilchilari, siyosatshunoslar ishtirok etishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari taklifiga koʻra, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi va Eron Islom Respublikasi Prezidenti sammitda ishtirok etish bilan birga yurtimizga davlat tashrifini amalga oshiradi.
Tadbir doirasida davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari oʻtkaziladi.
Milliy davlatchiligimiz tarixida muhim oʻrin tutadigan va bugun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgan Samarqanda ilk bor bunday keng koʻlamdagi, yirik xalqaro tadbirning oʻtkazilayotgani, albatta, butun viloyatimiz ahli uchun cheksiz faxr va iftixordir.
Mazkur sammitga tayyorgarlik kecha yoki bugun emas, Prezidentimiz tomonidan SHHTning 2022-yildagi sammitini Samarqandda oʻtkazish tashabbusi ilgari surilganidan boshlangandi. Buning uchun Samarqand shahrining infratuzilmasi toʻliq yangilandi, yangi yoʻl va koʻpriklar, xiyobonlar qurildi. Rudakiy, Ibn Sino, Boʻstonsaroy, Afrosiyob, Shohi Zinda, Sadriddin Ayniy, Registon, Panjikent, Firdavsiy, Dahbed kabi oʻndan ortiq koʻchalar rekonstruksiya qilindi. Usta Umar Joʻraqulov koʻchasi tubdan qayta qurildi. Bu koʻchalar atrofidagi turar joy va boshqa obyektlar ham milliy va zamonaviy arxitektura uygʻunligida yangidan bunyod etildi. Samarqand xalqaro aeroportining oʻziga xos koʻrinishdagi zamonaviy yangi terminali qurildi.
Prezidentimiz gʻoyasi va tashabbusi bilan 250 gektardan ortiq ochiq maydonda, eshkak eshish kanali atrofida keyingi yillar davomida qurilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining yorqin ifodasi boʻldi. Nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyoda tengi yoʻq, deb eʼtirof etilgan bu majmuada jahon standartlariga mos mehmonxonalar va kongress markazi, xalqimiz tarixi, madaniyati, anʼana va qadriyatlarini namoyon etuvchi “Boqiy shahar” majmuasi va yana koʻplab boshqa inshootlar bugun Samarqandning koʻrkiga aylandi. Ayni paytda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy nomi bilan bogʻliq meʼmoriy majmua ulugʻ zotning Islom olamida tutgan mavqei va salohiyatiga mos tarzda qaytadan bunyod etilmoqda.
Bu inshootlar, maydon va xiyobonlarda, koʻchalar atrofida millionlab noyob daraxt va butalar, gullar ekildiki buning natijasida bugun Samarqand har qachongidan koʻrkam qiyofaga kirdi.
Ushbu bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlarida nafaqat samarqandlik, balki yurtimizning turli hududlaridan quruvchi va muhandislar, loyihachilar, arxitektor va mutaxassislar, hunarmand va ustalar, bogʻbonlar ishtirok etdi. Fursatdan foydalanib, qurilish-obodonlashtirish ishlari boshida turgan vazirlik va idoralar rahbarlariga, fidoyi yurtdoshlarimiz va xorijlik hamkorlarimizga minnatdorlik bildiramiz.
Ayni paytda SHHT sammitini yuksak saviyada oʻtkazish uchun Samarqandga kelib, bizga yaqindan koʻmak berayotgan turli sohalar masʼullari va xodimlariga ham rahmat aytamiz!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning SHHT sammiti oldidan matbuotda eʼlon qilingan maqolasida azal-azaldan Samarqand turli gʻoya va bilimlar “qaynagan” makon boʻlib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, oʻz kuch va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam boʻlgani alohida qayd etildi.
“Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qoʻshni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir boʻlagi ekanini, tinch-totuv qoʻshnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan, deb yozadi davlatimiz rahbari. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va sanʼat, insoniy gʻoyalar ustuvor boʻlgan joyda ezguliklar koʻpayadi, xalqlar farovon va oʻzaro ahil yashaydi. Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega boʻlgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.”
Aziz samarqandliklar! Davlatimiz rahbarining ishonchiga munosib boʻlib, xalqimizga xos mehmondoʻstlik, bagʻrikenglik fazilatlarini, Samarqandning goʻzal va obodligini namoyon etib, sammit tadbirlarini yuksak saviyada oʻtkazish barchamiz uchun sharaf va ulkan masʼuliyat ekanligini unutmaylik!
Samarqandga xush kelibsiz, aziz mehmonlar!
Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi