Yerlarni auksionga chiqarish soddalashtiriladi

    Hukumat 30 Noyabr 2022 4587

    Prezident Shavkat Mirziyoyev yerlarni auksion orqali sotishni soddalashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

    Rivojlangan mamlakatlarda yer eng yaxshi mulk va biznes asosi. So‘nggi yillarda yurtimizda ham bu sohada shaffoflik va raqobat ta’minlangani natijasida yer bozor aktiviga aylanmoqda. Shu maqsadda 2021-yil 15-noyabrda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida” qonun qabul qilindi. Bu qonun talablari Vazirlar Mahkamasining joriy yil 14-fevraldagi qarori bilan izchil yo‘lga qo‘yildi.

    Shundan buyon o‘tgan vaqtda, ya’ni 2022-yil fevral-oktabr oylarida tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun “Yerelektron” axborot tizimi orqali 48 mingta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarilgan. Yuridik va jismoniy shaxslar foydalanib kelayotgan 5 mingga yaqin yer uchastkasini xususiylashtirish bo‘yicha ijobiy xulosa berilgan.

    Shu bilan birga, amaldagi ishlar tahlili bu tizimda ayrim kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Masalan, auksionga chiqarish taklif etilgan 12 mingtadan ziyod uchastka qishloq xo‘jaligi yerlarida yoki muhofaza hududda joylashganligi aniqlangan. Bo‘sh yer uchastkalari “Yerelektron” axborot tizimiga faqat qurilish bo‘limlari tomonidan kiritilayotgani sababli, hamma bo‘sh yerlarni topish jarayoni to‘liq qamrab olinmayapti. Shu bois bu ishlarni hududiy qurilish bo‘limlari va kadastr organlari birgalikda amalga oshirishi taklif etilmoqda.

    Amaliyotda qiyinchilik tug‘dirayotgan yana bir muammo yerlarni auksionga chiqarish bosqichlari ko‘pligi. Hozirgi kunda bu 13 ta bosqichdan iborat bo‘lib, ijara huquqi bilan yer olishda 48 ish kuni, mulk huquqida 74 ish kunigacha vaqt ketmoqda. Shu bois yerni auksionga chiqarish bosqichlarini 8 taga tushirib, muddatlarini tegishlicha 16 va 22 ish kunigacha qisqartirish mumkinligi aytildi.

    Ayrim shaharchalarning bosh rejasi yo‘qligi ham jarayonni sekinlashtirmoqda. Shuning uchun bunday joylarda yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishgan holda, master-reja asosida auksionga chiqarish taklifi bildirildi.

    Kichik sanoat zonalarining hududi esa aniq. Shu bois ulardagi yerlarni bosh rejada nazarda tutilgan lotlarga muvofiq, sodda tartibda tadbirkorlarga berish zarurligi ta’kidlandi.

    Aholi o‘zi foydalanib kelayotgan yerlarni xususiylashtirishi mumkinligi yaxshi imkoniyat. Hozirda buning to‘lovi yillik yer solig‘ining 20 baravari miqdorida. Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda bergan ko‘rsatmalariga muvofiq, bu qiymat Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari miqdorida belgilanmoqda.

    Davlatimiz rahbari taklif etilgan chora-tadbirlarni mahqullab, aholi va tadbirkorlarga yengillik yaratish, yerlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berdi.