Bugun yer degradatsiyasi masalasini faqat ekologik muammo yoki agrotexnik kamchilik sifatida talqin etish yetarli emas. Bu, avvalo, iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi, qishloq aholisi daromadi va hududiy taraqqiyot sifatiga bevosita taʼsir qiluvchi strategik omildir. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekiston sharoitida yerga munosabat tabiatni muhofaza qilish doirasidan chiqib, davlat boshqaruvi madaniyati, uzoq muddatli rejalashtirish va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat mezoniga aylanmoqda.
Prezidentimiz ilgari surayotgan resurs
tejamkor va “yashil” rivojlanish modeli ham aynan shu mantiqqa tayanadi: tabiiy
resurslarga munosabat oʻzgarmas ekan, iqtisodiy oʻsishning sifati va
barqarorligi haqida soʻz yuritish qiyin. Shuning uchun yer
degradatsiyasiga qarshi kurash bugun agrar siyosatning tor yoʻnalishi emas,
balki mamlakatning umumiy rivojlanish modeliga daxldor masalaga aylandi.
Yer
degradatsiyasining eng xavfli jihati shundaki, u favqulodda ofat kabi bir kunda
namoyon boʻlmaydi. Yillar davomida tuproq unumdorligini pasaytiradi,
shoʻrlanishni kuchaytiradi, suvni ushlab turish qobiliyatini zaiflashtiradi.
Natijada qishloq xoʻjaligi samaradorligini bosqichma-bosqich yemirib boradi. Bu
jarayonning iqtisodiy taʼsiri esa juda katta: fermer avvalgi hosilni olish
uchun koʻproq suv, koʻproq oʻgʻit, koʻproq energiya va koʻproq ish kuchi
sarflashga majbur boʻladi. Demak, yer degradatsiyasi faqat hosilni
kamaytirmaydi, balki mahsulot tannarxini oshiradi, raqobatbardoshlikni
pasaytiradi va agrar iqtisodiyotning barqarorligiga putur yetkazadi.
Muammoning
global koʻlami ham jiddiy. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti
(FAO)ning 2024-yil dekabrda eʼlon qilingan shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha
yirik global baholoviga koʻra, dunyoda 1,381 milliard gektar yer shoʻrlanish
taʼsirida, yana 1 milliard gektar yer xavf ostida. Hujjatda shoʻrlangan
tuproqlar ulushi yuqori davlatlar qatorida Oʻzbekiston ham qayd etilgan.
Shuningdek, ayrim ekinlar boʻyicha hosil yoʻqotishlari 70 foizgacha yetishi
mumkinligi taʼkidlangan. Bu raqamlar yer degradatsiyasini tor agrotexnik masala
emas, balki global oziq-ovqat va suv xavfsizligi kontekstida baholash
kerakligini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston
misolida bu masala yanada dolzarb. Chunki mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi,
oziq-ovqat taʼminoti va qishloq aholisi bandligining sezilarli qismi yer va suv
resurslari holatiga bevosita bogʻliq. Tuproq unumdorligining pasayishi faqat
agrar sohadagi yoʻqotish emas, u oziq-ovqat narxlari, eksport tushumi, suv
isteʼmoli va ijtimoiy barqarorlikka ham taʼsir koʻrsatadi.
Albatta,
iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik, haroratning koʻtarilishi va transchegaraviy
suv resurslariga bogʻliqlik yer degradatsiyasini kuchaytiradigan omillardir.
Biroq Oʻzbekiston voqeligi muammoning katta qismi tabiiy omillardan koʻra
boshqaruv sifati, infratuzilma holati va hisob-kitob tizimlari samaradorligi
bilan ham bevosita bogʻliqligini koʻrsatmoqda.
Jahon
bankining sohaviy tahlillarida 2050-yilga borib Sirdaryo oqimi 5 foizgacha,
Amudaryo oqimi 15 foizgacha qisqarishi mumkinligi, umumiy suv tanqisligi esa 15
milliard kub metrgacha yetishi ehtimoli qayd etilgan. Bu raqamlar yer va suv
siyosatini eski yondashuvlar asosida davom ettirish mumkin emasligini
koʻrsatadi. Aks holda, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi bir-birini
kuchaytiruvchi omilga aylanadi.
2023-yil
noyabrdagi yigʻilishda Prezidentimiz mamlakatimiz suv resurslarining atigi 20
foizi Oʻzbekiston hududida shakllanishi, har yili betonlanmagan kanal va
ariqlarda 14 milliard kub metr, yaʼni 36 foiz suv yoʻqotilayotganini
taʼkidlagan edi. Bu raqamlar masalaning ildizi koʻp hollarda tabiatda emas,
balki infratuzilma eskirgani, suv hisobining mukammal emasligi, nazorat va
boshqaruv tizimlarining yetarli darajada samarali ishlamayotganida ekanini
yaqqol koʻrsatadi.
Yer
degradatsiyasiga qarshi kurash, avvalo, boshqaruvni isloh qilish masalasidir.
Suv qanday hisoblanadi? Qaysi hududda qancha yoʻqotish bor? Qaysi yer
maydonlarida shoʻrlanish tezlashmoqda? Qaysi islohot natija beryapti, qaysi
biri faqat hisobotda qolmoqda? Ana shu savollarga aniq javob berilmas ekan, eng
yirik investitsiyalar ham kutilgan samarani bermasligi mumkin.
Soʻnggi
bir-ikki yilda yer va suv resurslarini boshqarishga doir siyosatda yangi
bosqich boshlangani koʻzga tashlanmoqda. 2025-yil avgustda maʼqullangan
Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini
rivojlantirishning 2025-2028-yillarga moʻljallangan dasturida 2551 kilometr
irrigatsiya tarmogʻini rekonstruksiya qilish, nasos stansiyalarining yillik
elektr isteʼmolini 6,8 milliarddan 6,2 milliard kilovatt-soatga tushirish
vazifalari belgilangan.
Bu
raqamlar tarmoqda miqdoriy oʻzgarishlar boshlanganini anglatadi. Biroq tahliliy
nuqtayi nazardan eng muhim savol shunda: bu oʻzgarishlar tuproq sifatining
yaxshilanishi, suv sarfining real qisqarishi va hosildorlik barqarorligida
qanday aks etmoqda? Agar islohotlar natijasi faqat qurilgan inshootlar yoki
oʻzlashtirilgan mablagʻlar bilan emas, balki yerning meliorativ holati va suv
tejashning amaliy samarasi bilan baholansa, siyosat sifati ancha oshadi.
Prezidentimizning
Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida suv tejovchi texnologiyalar
qamrovini 61 foizga, yaʼni 2,6 million gektarga yetkazish, yiliga 2,5 milliard
kub metr suv tejash, 2026-yilda bu maqsadlar uchun 3,3 trillion soʻm ajratish
rejasi belgilab berildi. Bu raqamlar muammoga endi alohida loyihalar yigʻindisi
sifatida emas, balki milliy islohot dasturi darajasida yondashilayotganini
koʻrsatadi.
Mamlakatimiz
yetakchisi 9-fevral kuni qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish va
sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimoti
bilan tanishgan edi. Unda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish yanada keng
qamrovda — yaylovlar, lalmi yerlar, agrotexnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar
bilan bogʻliq siyosat sifatida koʻrildi. 2030-yilgacha yana 938 ming gektar
yaylovni rivojlantirish va yaxshilash, 2026-2027-yillarda 620 ming gektar
yaylovni tiklash rejalashtirilgani aytildi. Bu yer masalasini faqat
sugʻoriladigan maydonlar bilan cheklab boʻlmasligini, butun agrolandshaft
tizimi nuqtayi nazaridan yondashish kerakligini anglatadi.
2026-yil
martdagi ekologik loyihalar taqdimotida 2026-2030-yillarga moʻljallangan
ustuvor choralar qatorida choʻllanishga qarshi kurashning ilmiy va amaliy
asoslarini kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi. Bu esa yer
degradatsiyasiga qarshi kurash milliy ekologik siyosatning mustaqil va ustuvor
yoʻnalishiga aylanayotganini koʻrsatadi.
Bugungi sharoitda yer degradatsiyasiga
qarshi samarali siyosatni faqat mablagʻ ajratish yoki alohida inshootlar qurish
bilan taʼminlab boʻlmaydi. Buning uchun yerning meliorativ holati, shoʻrlanish
darajasi, sizot suv sathi, suv sarfi, hosildorlik va agrotexnologik holat
boʻyicha maʼlumotlarni yagona tizimga birlashtirish talab etiladi. Jahon banki
tahlillarida ham infratuzilma modernizatsiyasi bilan bir qatorda monitoring
tizimlari, xizmat koʻrsatish sifati va suv boshqaruvida institutsional
islohotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani taʼkidlangan.
Eng
asosiy masala ilm, monitoring va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlik
yaratishdir. Agar tuproq tahlili, shoʻrlanish xaritalari, sizot suv koʻrsatkichi
va suv sarfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qaror qabul qilishga xizmat qilmasa,
islohotlar koʻpincha parchalangan holda qolib ketadi. Masalan, bir hududda suv
tejovchi texnologiya joriy etilishi mumkin. Agar oʻsha yerda drenaj tizimi
ishlamasa yoki shoʻrlanish darajasi hisobga olinmasa, kutilgan samaraga
erishilmaydi.
Demak,
yer degradatsiyasiga qarshi kurashda kelajak raqamli monitoring, aniq
maʼlumotlar bazasi va ilmiy asoslangan boshqaruv madaniyati bilan bogʻliq.
Qaror qabul qilish jarayoni “qancha mablagʻ sarflandi?” degan savoldan “qanday
natija olindi?” degan mezonga oʻtishi shart. Ana shundagina infratuzilmaga
sarflanayotgan har bir soʻm va joriy etilayotgan har bir texnologiyaning
haqiqiy qiymati ochiladi.
Bu
masala butun mamlakat uchun dolzarb boʻlsa-da, uning koʻrinishlari barcha
hududda bir xil emas. Ayrim joylarda shoʻrlanish yuqori boʻlsa, boshqa
hududlarda suv tanqisligi, yana boshqalarida shamol eroziyasi yoki yaylovlar
yemirilishi asosiy xavf manbai boʻlishi mumkin. Shu bois, bu muammoni yagona
markazlashgan yondashuv bilan emas, balki manzilli hududiy siyosat orqali hal
etish samaraliroq.
Orolboʻyi
va choʻllashuv xavfi kuchli hududlarda ekologik barqarorlik, yer qoplamini
saqlash va yaylovlarni tiklash ustuvor yoʻnalish boʻlishi lozim. Intensiv
sugʻorma dehqonchilik rivojlangan hududlarda esa suv sarfini qisqartirish,
shoʻrlanish va drenaj masalalarini hal etish birinchi oʻringa chiqadi. Demak,
yer degradatsiyasiga qarshi kurashning muvaffaqiyati milliy dasturlar bilan
birga hududiy differensiatsiya tamoyili qanchalik hisobga olinishiga ham
bogʻliq.
Yer
degradatsiyasi faqat tuproq sifati yomonlashuvi bilan cheklanmaydi. U
oziq-ovqat yetishtirish imkoniyatlarini qisqartiradi, suv tanqisligini
kuchaytiradi, iqlim oʻzgarishiga moslashishni qiyinlashtiradi va qishloq
aholisi daromadlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun bu masala
barqaror rivojlanish bilan bevosita bogʻliq. Chunki barqaror rivojlanish
bugungi ehtiyojlarni qondirish bilan birga kelajak uchun ham mustahkam resurs
va imkoniyatlarni saqlab qolish demakdir.
Bugungi
kunda yerga munosabatni oʻzgartirish faqat qishloq xoʻjaligi sohasining
vazifasi emas. Bu mamlakatning iqtisodiy barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi,
suv taʼminoti va hududlar taraqqiyoti bilan bogʻliq strategik masaladir. Yer
faqat ishlab chiqarish vositasi emas, balki aholi farovonligi va mamlakat
kelajagining tayanch resursi. Shu bois, uni asrashni navbatdagi ekologik tadbir
emas, balki milliy manfaat va barqaror taraqqiyot talabi sifatida anglash
zarur.
Shuning
uchun yer va suv resurslarini boshqarishga oid islohotlar samarasi
ajratilayotgan mablagʻ hajmi yoki qabul qilinayotgan dasturlar soni bilan emas,
balki ularning qanchalik yaxlit, ilmiy asoslangan, raqamli monitoringga
tayangan va natijaga qaratilgan tizimga aylana olishi bilan oʻlchanishi kerak.
Agar infratuzilma modernizatsiyasi, suv tejovchi texnologiyalar, shoʻrlanish va
melioratsiya boʻyicha maʼlumotlar, ilmiy yondashuv va iqtisodiy ragʻbatlar
oʻzaro uygʻun ishlasa, bugungi tahdid ertangi barqaror oʻsish nuqtasiga
aylanishi mumkin.
Shu
maʼnoda, bugun yerni asrash faqat tabiatni asrash emas. Bu Oʻzbekistonning
iqtisodiy kelajagini, ijtimoiy barqarorligini va milliy taraqqiyot istiqbolini
asrash demakdir. Yerga munosabat qanchalik oqilona va uzoqni koʻzlab qurilsa,
mamlakatning ertangi rivojlanish sifati ham shunchalik mustahkam boʻladi.
Jahongir ISAYEV,
Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi