Bugun yer degradatsiyasi masalasini faqat ekologik muammo yoki agrotexnik kamchilik sifatida talqin etish yetarli emas. Bu, avvalo, iqtisodiy barqarorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, suv resurslaridan foydalanish samaradorligi, qishloq aholisi daromadi va hududiy taraqqiyot sifatiga bevosita taʼsir qiluvchi strategik omildir. Shu maʼnoda, yangi Oʻzbekiston sharoitida yerga munosabat tabiatni muhofaza qilish doirasidan chiqib, davlat boshqaruvi madaniyati, uzoq muddatli rejalashtirish va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat mezoniga aylanmoqda.

Prezidentimiz ilgari surayotgan resurs tejamkor va “yashil” rivojlanish modeli ham aynan shu mantiqqa tayanadi: tabiiy resurslarga munosabat oʻzgarmas ekan, iqtisodiy oʻsishning sifati va barqarorligi haqida soʻz yuritish qiyin. Shuning uchun yer degradatsiyasiga qarshi kurash bugun agrar siyosatning tor yoʻnalishi emas, balki mamlakatning umumiy rivojlanish modeliga daxldor masalaga aylandi.

Yer degradatsiyasining eng xavfli jihati shundaki, u favqulodda ofat kabi bir kunda namoyon boʻlmaydi. Yillar davomida tuproq unumdorligini pasaytiradi, shoʻrlanishni kuchaytiradi, suvni ushlab turish qobiliyatini zaiflashtiradi. Natijada qishloq xoʻjaligi samaradorligini bosqichma-bosqich yemirib boradi. Bu jarayonning iqtisodiy taʼsiri esa juda katta: fermer avvalgi hosilni olish uchun koʻproq suv, koʻproq oʻgʻit, koʻproq energiya va koʻproq ish kuchi sarflashga majbur boʻladi. Demak, yer degradatsiyasi faqat hosilni kamaytirmaydi, balki mahsulot tannarxini oshiradi, raqobatbardoshlikni pasaytiradi va agrar iqtisodiyotning barqarorligiga putur yetkazadi.

Muammoning global koʻlami ham jiddiy. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning 2024-yil dekabrda ­eʼlon qilingan shoʻrlangan tuproqlar boʻyicha yirik global baholoviga koʻra, dunyoda 1,381 milliard gektar yer shoʻrlanish taʼsirida, yana 1 milliard gektar yer xavf ostida. Hujjatda shoʻrlangan tuproqlar ulushi yuqori davlatlar qatorida Oʻzbekiston ham qayd etilgan. Shuningdek, ayrim ekinlar boʻyicha hosil yoʻqotishlari 70 foizgacha yetishi mumkinligi taʼkidlangan. Bu raqamlar yer degradatsiyasini tor agrotexnik masala emas, balki global oziq-ovqat va suv xavfsizligi kontekstida baholash kerakligini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston misolida bu masala yanada dolzarb. Chunki mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat taʼminoti va qishloq aholisi bandligining sezilarli qismi yer va suv resurslari holatiga bevosita bogʻliq. Tuproq unumdorligining pasayishi faqat agrar sohadagi yoʻqotish emas, u oziq-ovqat ­narxlari, eksport tushumi, suv isteʼmoli va ijtimoiy barqarorlikka ham taʼsir koʻrsatadi.

Albatta, iqlim oʻzgarishi, qurgʻoqchilik, haroratning koʻtarilishi va transchegaraviy suv resurslariga bogʻliqlik yer degradatsiyasini kuchaytiradigan omillardir. Biroq Oʻzbekiston voqeligi muammoning katta qismi tabiiy omillardan koʻra boshqaruv sifati, infratuzilma holati va hisob-kitob tizimlari samaradorligi bilan ham bevosita bogʻliqligini koʻrsatmoqda.

Jahon bankining sohaviy tahlillarida 2050-yilga borib Sirdaryo oqimi 5 foizgacha, Amudaryo oqimi 15 foizgacha qisqarishi mumkinligi, umumiy suv tanqisligi esa 15 milliard kub metrgacha yetishi ehtimoli qayd etilgan. Bu raqamlar yer va suv siyosatini eski yondashuvlar asosida davom ettirish mumkin emasligini koʻrsatadi. Aks holda, suv tanqisligi va yer degradatsiyasi bir-birini kuchaytiruvchi omilga aylanadi.

2023-yil noyabrdagi yigʻilishda Prezidentimiz mamlakatimiz suv resurslarining atigi 20 foizi Oʻzbekiston hududida shakllanishi, har yili betonlanmagan kanal va ariqlarda 14 milliard kub metr, yaʼni 36 foiz suv yoʻqotilayotganini taʼkidlagan edi. Bu raqamlar masalaning ildizi koʻp hollarda tabiatda emas, balki infratuzilma eskirgani, suv hisobining mukammal emasligi, nazorat va boshqaruv tizimlarining yetarli darajada samarali ishlamayotganida ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Yer degradatsiyasiga qarshi kurash, avvalo, boshqaruvni isloh qilish masalasidir. Suv qanday hisoblanadi? Qaysi hududda qancha yoʻqotish bor? Qaysi yer maydonlarida shoʻrlanish tezlashmoqda? Qaysi islohot natija beryapti, qaysi biri faqat hisobotda qolmoqda? Ana shu savollarga aniq javob berilmas ekan, eng yirik investitsiyalar ham kutilgan samarani bermasligi mumkin.

Soʻnggi bir-ikki yilda yer va suv resurslarini boshqarishga doir siyosatda yangi bosqich boshlangani koʻzga tashlanmoqda. 2025-yil avgustda maʼqullangan Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga moʻljallangan dasturida 2551 kilometr irrigatsiya tarmogʻini rekonstruksiya qilish, nasos stansiyalarining yillik elektr isteʼmolini 6,8 milliarddan 6,2 milliard kilovatt-soatga tushirish vazifalari belgilangan.

Bu raqamlar tarmoqda miqdoriy oʻzgarishlar boshlanganini anglatadi. Biroq tahliliy nuqtayi nazardan eng muhim savol shunda: bu oʻzgarishlar tuproq sifatining yaxshilanishi, suv sarfining real qisqarishi va hosildorlik barqarorligida qanday aks etmoqda? Agar islohotlar natijasi faqat qurilgan inshootlar yoki oʻzlashtirilgan mablagʻlar bilan emas, balki yerning meliorativ holati va suv tejashning amaliy samarasi bilan baholansa, siyosat sifati ancha oshadi.

Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida suv tejovchi texnologiyalar qamrovini 61 foizga, yaʼni 2,6 million gektarga yetkazish, yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejash, 2026-yilda bu maqsadlar uchun 3,3 trillion soʻm ajratish rejasi belgilab berildi. Bu raqamlar muammoga endi alohida loyihalar yigʻindisi sifatida emas, balki milliy islohot dasturi darajasida yondashilayotganini koʻrsatadi.

Mamlakatimiz yetakchisi 9-fevral kuni qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish va sohada ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda yer degradatsiyasiga qarshi kurashish yanada keng qamrovda — yaylovlar, lalmi yerlar, agrotexnologiyalar va ilmiy tadqiqotlar bilan bogʻliq siyosat sifatida koʻrildi. 2030-yilgacha yana 938 ming gektar yaylovni rivojlantirish va yaxshilash, 2026-2027-yillarda 620 ming gektar yaylovni tiklash rejalashtirilgani aytildi. Bu yer masalasini faqat sugʻoriladigan maydonlar bilan cheklab boʻlmasligini, butun agrolandshaft tizimi nuqtayi nazaridan yondashish kerakligini anglatadi.

2026-yil martdagi ekologik loyihalar taqdimotida 2026-2030-yillarga moʻljallangan ustuvor choralar qatorida choʻllanishga qarshi kurashning ilmiy va amaliy asoslarini kuchaytirish zarurligi alohida qayd etildi. Bu esa yer degradatsiyasiga qarshi kurash milliy ekologik siyosatning mustaqil va ustuvor yoʻnalishiga aylanayotganini koʻrsatadi.

Bugungi sharoitda yer degradatsiyasiga qarshi samarali siyosatni faqat mablagʻ ajratish yoki alohida inshootlar qurish bilan taʼminlab boʻlmaydi. Buning uchun yerning meliorativ holati, shoʻrlanish darajasi, sizot suv sathi, suv sarfi, hosildorlik va agrotexnologik holat boʻyicha maʼlumotlarni yagona tizimga birlashtirish talab etiladi. Jahon banki tahlillarida ham infratuzilma modernizatsiyasi bilan bir qatorda monitoring tizimlari, xizmat koʻrsatish sifati va suv boshqaruvida institutsional islohotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani taʼkidlangan.

Eng asosiy masala ilm, monitoring va amaliyot oʻrtasida uzviy bogʻliqlik yaratishdir. Agar tuproq tahlili, shoʻrlanish xaritalari, sizot suv koʻrsatkichi va suv sarfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qaror qabul qilishga xizmat qilmasa, islohotlar koʻpincha parchalangan holda qolib ketadi. Masalan, bir hududda suv tejovchi texnologiya joriy etilishi mumkin. Agar oʻsha yerda drenaj tizimi ishlamasa yoki shoʻrlanish darajasi hisobga olinmasa, kutilgan samaraga erishilmaydi.

Demak, yer degradatsiyasiga qarshi kurashda kelajak raqamli monitoring, aniq maʼlumotlar bazasi va ilmiy asoslangan boshqaruv madaniyati bilan bogʻliq. Qaror qabul qilish jarayoni “qancha mablagʻ sarflandi?” degan savoldan “qanday natija olindi?” degan mezonga oʻtishi shart. Ana shundagina infratuzilmaga sarflanayotgan har bir soʻm va joriy etilayotgan har bir texnologiyaning haqiqiy qiymati ochiladi.

Bu masala butun mamlakat uchun dolzarb boʻlsa-da, uning koʻrinishlari barcha hududda bir xil emas. Ayrim joylarda shoʻrlanish yuqori boʻlsa, boshqa hududlarda suv tanqisligi, yana boshqalarida shamol eroziyasi yoki yaylovlar yemirilishi asosiy xavf manbai boʻlishi mumkin. Shu bois, bu muammoni yagona markazlashgan yondashuv bilan emas, balki manzilli hududiy siyosat orqali hal etish samaraliroq.

Orolboʻyi va choʻllashuv xavfi kuchli hududlarda ekologik barqarorlik, yer qoplamini saqlash va yaylovlarni tiklash ustuvor yoʻnalish boʻlishi lozim. Intensiv sugʻorma dehqonchilik rivojlangan hududlarda esa suv sarfini qisqartirish, shoʻrlanish va drenaj masalalarini hal etish birinchi oʻringa chiqadi. Demak, yer degradatsiyasiga qarshi kurashning muvaffaqiyati milliy dasturlar bilan birga hududiy differensiatsiya tamoyili qanchalik hisobga olinishiga ham bogʻliq.

Yer degradatsiyasi faqat tuproq sifati yomonlashuvi bilan cheklanmaydi. U oziq-ovqat yetishtirish imkoniyatlarini qisqartiradi, suv tanqisligini kuchaytiradi, iqlim oʻzgarishiga moslashishni qiyinlashtiradi va qishloq aholisi daromadlariga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun bu masala barqaror rivojlanish bilan bevosita bogʻliq. Chunki barqaror rivojlanish bugungi ehtiyojlarni qondirish bilan birga kelajak uchun ham mustahkam resurs va imkoniyatlarni saqlab qolish demakdir.

Bugungi kunda yerga munosabatni oʻzgartirish faqat qishloq xoʻjaligi sohasining vazifasi emas. Bu mamlakatning iqtisodiy barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi, suv taʼminoti va hududlar taraqqiyoti bilan bogʻliq strategik masaladir. Yer faqat ishlab chiqarish vositasi emas, balki aholi farovonligi va mamlakat kelajagining tayanch resursi. Shu bois, uni asrashni navbatdagi ekologik tadbir emas, balki milliy manfaat va barqaror taraqqiyot talabi sifatida anglash zarur.

Shuning uchun yer va suv resurslarini boshqarishga oid islohotlar samarasi ajratilayotgan mablagʻ hajmi yoki qabul qilinayotgan dasturlar soni bilan emas, balki ularning qanchalik yaxlit, ilmiy asoslangan, raqamli monitoringga tayangan va natijaga qaratilgan tizimga aylana olishi bilan oʻlchanishi kerak. Agar infratuzilma modernizatsiyasi, suv tejovchi texnologiyalar, shoʻrlanish va melioratsiya boʻyicha maʼlumotlar, ilmiy yondashuv va iqtisodiy ragʻbatlar oʻzaro uygʻun ishlasa, bugungi tahdid ertangi barqaror oʻsish nuqtasiga aylanishi mumkin.

Shu maʼnoda, bugun yerni asrash faqat tabiatni asrash emas. Bu Oʻzbekistonning iqtisodiy kelajagini, ijtimoiy barqarorligini va milliy taraqqiyot istiqbolini asrash demakdir. Yerga munosabat qanchalik oqilona va uzoqni koʻzlab qurilsa, mamlakatning ­ertangi rivojlanish sifati ham shunchalik mustahkam boʻladi.

Jahongir ISAYEV,

Barqaror rivojlanish markazi boʻlim boshligʻi