2022-yilda Yevropada sanoatdan oldingi davrga nisbatan 2,3 daraja issiq bo'lgan. 2022-yil bir qator mamlakatlar: Fransiya, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Ispaniya va Buyuk Britaniya uchun rekord darajadagi issiq yil bo'ldi.

1980-yillardan beri Yevropadagi isish darajasi global ko'rsatkichdan ikki baravar ko'p. Olimlarning fikricha, XIX asr o'rtalaridan buyon sayyorada o'rtacha harorat 1,2 darajaga oshgan.

Issiqlik ekstremal ob-havo hodisalarini keltirib chiqaradi: anormal issiqlik to'lqinlari, qurg'oqchilik va bo'ronlar. Klimatologlarning ta'kidlashicha, harorat qancha yuqori bo'lsa, ular shunchalik jiddiy tus oladi.

Ayni paytda tabiiy ofatlardan qashshoq davlatlar ko'proq jabr ko'rmoqda. Ammo ularning oqibatlari butun dunyoda, jumladan, Shimoliy yarim sharning mintaqalarida va qutblar atrofida yanada og'irlashmoqda.

Masalan, Yevropada yuqori harorat qurg'oqchilikni kuchaytirdi va kuchli o'rmon yong'inlarini keltirib chiqardi. Iqlim o'zgarishi bo'yicha “Kopernik” agentligi hisobotiga ko'ra, jazirama to'lqini tufayli 16 ming kishi hayotdan ko'z yumdi va ekstremal ob-havo 2 milliard dollar moddiy zarar keltirdi.

2022-yilda Alp tog'larida muzliklar rekord darajada qisqardi. Atlantika okeani shimoliy qismida suv yuzasining o'rtacha harorati kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori darajaga yetdi, O'rta yer dengizi sharqiy qismi, Boltiq va Qora dengizda hamda janubiy Arktikada isish darajasi dunyo bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichdan uch baravar yuqori bo'ldi.

Yevropa qit'asining aksariyat qismida yog'ingarchilik me'yordagidan past bo'ldi. O'tgan yili quyosh nurlanishining so'nggi 40 yil ichidagi eng yuqori darajasi qayd etildi, deb xabar beradi mir24.tv.