Eron bilan hamkorlikda Xorazm viloyatida qiymati 25 million dollarga teng baliqchilik klasterini barpo etiladi

    Biznes 15 Aprel 2024 902

    Eronlik tadbirkor bilan Xorazm viloyatida baliqchilik sohasida yangi loyihani amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.

    Oʻzbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eronning baliqchilik sohasiga ixtisoslashgan “Beyza Feed Mill” (BFM Group) kompaniyasi boshqaruvi kengashi raisi Amir Abudi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat davomida Amir Abudi “Beyza Feed Mill” kompaniyasi faoliyati haqida batafsil axborot berdi.

    Qayd etilishicha, kompaniyaning Sheroz shahrida joylashgan zavodida baliqlar uchun ozuqa hamda baliqdan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar, ikra ishlab chiqariladi.

    Oʻz navbatida, elchi xorijiy investorlar uchun mamlakatimizda yaratilayotgan sharoitlar va taqdim etilayotgan imtiyozlar haqida atroflicha maʼlumot taqdim etdi. Shuningdek, u eronlik tadbirkorga Oʻzbekistonda baliqchilik xoʻjaligini barpo etish boʻyicha investitsiyaviy loyihani amalga oshirishni taklif qildi.

    Muloqot natijasiga koʻra, “Beyza Feed Mill” kompaniyasi rahbari Amir Abudi bilan Xorazm viloyatida qiymati 25 million dollarga teng baliqchilik klasterini barpo etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. 14-21-aprel kunlari eronlik investorning Xorazm viloyatiga loyiha borasida batafsil muzokaralar oʻtkazish uchun tashrifi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.