Muloqot chogʻida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Eron savdo hamkorligining samaradorligi va oʻsish surʼatlari ijobiy baholandi. Jumladan, 2021-yilda tovar ayirboshlash hajmi 73% ga oshdi va 430 million dollardan koʻpaydi. 2022-yilning birinchi yarimida ushbu koʻrsatkich 239 million dollarga yetdi. Oʻzaro manfaatli asosda yetkazib berilayotgan tovarlar va xizmatlar turlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 366ta korxona faoliyat koʻrsatyapti. Oʻzaro mushtarak manfaatlar va davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordam aloqalarni kengaytirish, zamonaviy loyihalarni ishlab chiqish, yangi sanoat korxonalarini yaratish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi. Natijada, 2022-yilning 6 oyida mamlakatimizda Eron tomoni bilan hamkorlikda tashkil etilgan yana 69 ta yangi korxona roʻyxatga olindi.
Muloqot chogʻida tomonlar yangi loyihalarni ishlab chiqish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdilar.
Misol tariqasida, Eron tomoni er osti suvli qatlamlaridan suv olish va tozalash uchun yangi texnologiyalarni baham koʻrishga qiziqish bildirdi.
Meva-sabzavotchilik sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qator hujjatlar kelishuvini jadallashtirish, shuningdek, paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishlari boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalda roʻyobga chiqarilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga qoʻshimcha turtki berishiga ishonch bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.