Eron bilan oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma qadamlar kelishib olindi

    Biznes 25 Oktabr 2024 547

    Joriy yil 24-oktyabrda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Eronga amaliy tashrifi doirasida Tehron shahrida Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref va Eron sanoat, konlar va savdo vaziri Sayid Muhammad Otabak bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekiston va Eron Islom Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini, jumladan, amaldagi kelishuvlar va qoʻshma loyihalarning hayotga tatbiq etilishini koʻrib chiqdilar hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini birgalikda belgilab oldilar.

    Oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha qoʻshma qadamlar kelishib olindi. Ikki davlat oʻrtasidagi Imtiyozli savdo bitimi doirasida tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi asosiy chora-tadbirlar qatoridan oʻrin oldi.

    Ikkala tomon oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirishga sobit qolishlarini bildirdilar hamda Oʻzbekiston va Eron oʻrtasidagi hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi 16-majlisi va 2025-yilning birinchi choragida uning doirasidagi qoʻshma biznes-forum oʻtkazish muddatlarini belgilab oldilar.

    Muzokaralar yakunida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va transport sohalarida Oʻzbekiston-Eron hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha erishilgan kelishuvlar toʻliq qamrab olgan ikki tomonlama bayonot imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.