Eron bilan transport sohasida hamkorlik rivojlantiriladi

    Transport 14 Mart 2023 1406

    Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasining Eron Islom Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi doirasida Transport vaziri Ilhom Mahkamov Eronning Yoʻl va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Tomonlar transport va tranzit sohasi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning muhim va strategik yoʻnalishlaridan biri ekanligini alohida qayd etib oʻtishdi.

    Eronning Yoʻl va shaharsozlik vaziri Mehrdod Bazrposh Oʻzbekiston bilan aralash tashuvlar sohasi va tranzit aloqalarini rivojlantirish yoʻnalishida hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qildi. Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekiston va Eron oʻrtasida transportning barcha yoʻnalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirish rejasi va Ashxobod kelishuvini amalga oshirishga kelishib oldi.

    Shuningdek, uchrashuvda Eronning janubiy va shimoliy portlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish, “Shimol-Janub” transport yoʻlagi boʻylab tashuvlarni faollashtirish, amaldagi tariflarni pasaytirish hamda ikki mamlakat haydovchilari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali avtomobil va temir yoʻl transportida tashuvlarni yengillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuvda muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.