Muzokaralar davomida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Ushbu qadam transport qulayligini rivojlantirish, ishbilarmonlik va madaniy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, ikki davlatning sayyohlik jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Erishilgan kelishuvlarga koʻra, ikki davlatning tayinlangan tashuvchilariga Olma-Ota – Toshkent va Nur-Sulton – Toshkent yoʻnalishlarining har biri boʻyicha haftasiga 42 tagacha reysni amalga oshirishga ruxsat berildi. Qolgan barcha yoʻnalishlarda haftasiga 7 tagacha reys bajarishga ruxsat etildi.
Tomonlarning tayinlangan aviakompaniyalari Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi barcha kelishilgan yoʻnalishlar boʻyicha muntazam parvozlarni amalga oshirgan taqdirda, parvozlarning ruxsat etilgan chastotasi haftasiga 238 ta reysni tashkil etadi.
Shuningdek, tomonlar mamlakatlar oʻrtasida muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun belgilangan manzillar sonini koʻpaytirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.








