Gazeta muxbiri Fereydun Asl Taxirpur qalamiga mansub ushbu materialda joriy yilning 30-aprel kuni Oʻzbekistonda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha boʻlajak referendum tafsilotlari va Qonun loyihasiga kiritilgan muhim oʻzgartishlarning mazmun-mohiyati hamda mamlakat taraqqiyoti va aholi farovonligini oshirishdagi ahamiyati batafsil tahlil qilingan.

Maqolada qayd etilishicha, referendum oʻtkazish va Konstitutsiyaning yangi tahririni qabul qilish 2016-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida boshlangan siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlar asosida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish konsepsiyasining huquqiy mustahkamlanishi hisoblanadi.

“Ushbu oʻzgartirishlar xalq tomonidan referendumda qoʻllab-quvvatlansa, Oʻzbekiston nafaqat hozirgidek suveren va demokratik, balki huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga aylanadi, ijtimoiy majburiyatlar normalari uch barobar ortadi”, deyiladi materilda.

Eron gazetasi, davlatimiz rahbarining 2022-yil 8-dekabrda Oʻzbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan tabrigidagi “Ushbu konstitutsiyaviy islohotni Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining mazmuni va mantigʻi, xalqimiz bildirayotgan talab, istak va takliflar taqozo etmoqda. Insonning hayoti, huquqi va erkinligini himoya qilish, qonuniy manfaatini taʼminlash, qadrini ulugʻlash islohotlarimiz markaziga olib chiqilmoqda. Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi boʻladi, chunki bu jarayonda turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar, albatta, inobatga olinadi”, degan soʻzlarni iqtibos sifatida keltiradi.

“Konstitutsiyaga oʻzgartishlar kiritish referendumsiz, Oliy Majlis palatalari tomonidan ham kiritilishi mumkin edi,- deb yozadi fors nashri. -Biroq mamlakat rahbari milliy referendum oʻtkazishni taklif qildi va bu jarayonga Oʻzbekiston xalqining jalb qilinishi davlat rahbarining butun faoliyati inson manfaatiga qaratilganini yana bir bor tasdigʻi topdi”.

Maqolada qayd etilganidek, yangilanayotgan Konstitutsiya va boʻlajak referendum jamiyatni Yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi atrofida birlashtirishini koʻrsatmoqda.

“Oʻzbekistonda soʻnggi olti yil ichida yuz bergan keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli natijasi xorijdagi rasmiy doiralar tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda, - deydi Fereydun Asl Taxirpur.- Jumladan, «World Justice Project” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan qonun ustuvorligi boʻyicha jahon reytingida 2016-2022-yillar davomida Oʻzbekiston 7 pogʻonaga koʻtarilib, 140 ta davlat oʻrtasila 78 oʻringa koʻtarildi».

Materialda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonning oʻzgartishlar kiritilayotgan Konstitutsiyasi boʻyicha referendum oʻtkazilishi 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan faol ichki va tashqi siyosatning tarkibiy qismidir.

“Oʻzbekiston yangilangan Konstitutsiya bilan yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga koʻtariladi. Mazkur fundamental hujjat aholining demokratik tanlovi asosida izchil rivojlanishni taʼminlaydi, fuqarolarda ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi”, deb yozadi “Sobh-Eqtesad” gazetasi.