Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 19-may kuni yuz bergan aviahalokat oqibatida halok boʻldi. Maʼlumotni Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Husayn Kolivand tasdiqladi. Mehr axborot agentligi ham prezident shahid ketganini eʼlon qildi.
Prezident vertolyoti 19-may kuni Eron-Ozarbayjon chegarasi yaqinidagi Verzegan shahri tog‘li hududiga “qattiq qo‘ngan”di. Qutqaruvchilar 20-may kuni vertolyot halokatga uchragan joyni aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, vertolyot “qattiq qo‘nish” chog‘ida butunlay yonib ketgan. Bortda uchuvchilardan tashqari Eron prezidenti Ibrohim Raisiy, tashqi ishlar vaziri Amir Abdullahyon, Sharqiy Ozarbayjon gubernatori Oyatulloh al-Hoshim va Tabriz imomi Muhammad Ali al-Hoshim bo‘lgan.
Aviahalokat oldidan Ibrohim raisiy Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev bilan uchrashuvdan qaytayotgan edi. Davlat rahbarlari Aras daryosidagi to‘g‘on ochilishi marosimida ishtirok etgan.
“Halokatga uchragan vertolyotning joylashuvi aniqlangach, bortdagilar tirik qolgani haqida hech qanday alomat topmadi”, — dedi Eron Qizil yarim oy jamiyati Pir Husayn Kolivand.
Eron prezidenti vafot etgan taqdirda, oliy rahnamo Xomanaiyning roziligi bilan uning vakolatlarini birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber o‘z zimmasiga oladi. Eronda yangi prezidentlik saylovlari 50 kun ichida o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
- Ibrohim Raisi 2021-yilda Eron prezidenti etib saylangandi. Eronning 63 yoshli prezidenti o‘z faoliyatini yuridik sohada boshlagan – u mamlakatning turli hududlarida prokuror lavozimlarida ishlagan.
- Raisiy 2014-yil mamlakat bosh prokurori lavozimini egallagan, 2017-yil Eron prezidentligiga nomzod bo‘lgan, ammo Hasan Ruhoniyga yutqazgan. 2021-yilgi saylovlarda 60 foizdan ortiq ovoz bilan g‘alaba qozongan. Ibrohim Raisiy har doim tashqi siyosatda Isroilni asosiy dushman deb bilgan va unga qarshi bayonotlar bergan. Prezident AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan.
-
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 9-noyabr kuni rafiqasi Jamile Alamolxoda hamrohligida Toshkentga kelgandi. Shu kuni Shavkat Mirziyoyevning Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston—Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiyalar, innovatsiyalar va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. O‘zaro muloqotlar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgandi.