Qayd etilishicha, Fors koʻrfazi sohilida joylashgan Shahid Rajoiy nomli bandargohda qoq tush payti sodir boʻlgan hodisa sababi hali nomaʼlum. Faqat bir necha konteyner portlagan.
Davlat televideniyesiga bergan intervyusida Hormuzgon viloyati Inqirozni boshqarish idorasi rahbari Mehrdod Hasanzoda aytishicha, fojia oqibatini bartaraf etish ishlari davom etyapti.
Voqea joyidan olingan tasvirlar majmuaga jiddiy zarar yetgani, binolar vayron boʻlganidan jalolat bermoqda.
Tabiiyki, port faoliyati vaqtincha toʻxtagan.
Prezident Maʼsud Pezeshkiyon qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik va birdamlik bildirdi. Ijtimoiy tarmoqda chiqqan bayonotda u portlash holati va sababi chuqur oʻrganilishini aytgan. Zarur chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish maqsadida viloyatga ichki ishlar vaziri yuborilgan.
Mahalliy Qizil Yarim Oy jamiyati rahbari voqea joyiga zudlik bilan tezkor javob guruhlari safarbar etilganiga urgʻu bergan. Tergov boshlangan.
Eron neft kompaniyasi portlashdan hech qanday zarar koʻrmagani maʼlum qilindi. Aniqrogʻi, Neftni qayta ishlash va taqsimlash milliy kompaniyasi oʻz tasarrufidagi inshootlarga zarar yetgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Qayd etilishicha, baxtsiz hodisa zavodlar, yoqilgʻi sigʻimlari, tarqatish markazlari yoki quvurlarga taʼsir koʻrsatmagan.