Erondan Turkmaniston orqali 60 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi

    Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat tufayli qator davlatlar, jumladan Oʻzbekiston ham oʻz fuqarolarini xavfsiz ravishda vataniga qaytarish boʻyicha faol chora-tadbirlar koʻrmoqda.

    “Dunyo“ AAning xabar berishicha, Turkmaniston rahbariyati tashabbusi bilan ushbu davlat oʻz hududini tranzit maqsadlari uchun taqdim etgani, xalqaro gumanitar yordam koʻrsatishdagi faol ishtiroki va ulkan hissasi, mamlakat chegara punktlari, vokzal va aeroportlarida yaratilgan qulay sharoitlar, koʻp sonli davlatlar fuqarolarining tezkor va xavfsiz evakuatsiya qilinayotganligi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilmoqda.

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining koʻrsatmalariga muvofiq, mamlakatimizning Tehron va Ashxoboddagi diplomatik vakolatxonalarda kechayu-kunduz ishlaydigan tezkor shtablar tuzildi. Tezkor shtab Eronda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini Turkmaniston orqali Vataniga qaytarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirmoqda.

    Oʻzbekistonning Tehrondagi elchixonasi vatandoshlarimizning xavfsiz harakatlanishini taʼminlash boʻyicha doimiy aloqa va muvofiqlashtiruv ishlarini olib boryapti. Ashxoboddagi elchixonamiz esa Turkmaniston rasmiylari bilan hamkorlikda fuqarolarini chegarada kutib olish, viza va transport masalalarini hal etish hamda Vataniga qaytarish jarayonini samarali tashkil etmoqda.

    Bugungi kunga qadar Erondan Turkmaniston orqali jami 60 ga yaqin Oʻzbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonning hech bir fuqarosi eʼtiboran chetda qolmaydi va vataniga yetib olishi uchun barcha tegishli choralar koʻriladi, — deyiladi xabarda.