Erta pishar piyoz narxi rekord darajada koʻtarildi

    Agrosektor 10 Aprel 2025 2869

    Ijtimoiy tarmoqlarda erta pishar piyoz narxi qimmatlashgani haqida xabarlar tarqalib jamoatchilik muhokamasiga sabab boʻldi. Holat yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, 2024-yilda may iyun oylarida piyozning narxi 500-1000 soʻmga tushib ketganligi sababli joriy yilda Jizzaxda 5 ming gektar, Navoiyda 6,7 ming gektar, Namanganda 8,4 ming gektar, Samarqandda 14 ming gektar, Surxondaryoda 2,6 ming gektar, Sirdaryoda 2,8 ming gektar, Toshkentda 2,6 ming gektar, Xorazmda 7,6 ming gektar kam piyoz ekilgan.

    Shunga qaramasdan, respublikamizda joriy yil jami 1 412 ming tonna piyoz yetishtirilishi kutilmoqda. Bu oʻtgan 2024-yilga nisbatan 12 ming tonnaga koʻpdir.

    Taqqoslash uchun: 2024-yil 1-aprelda yangi piyoz narxi 5-6 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 7-aprelda piyoz narxi 3-3,5 ming soʻmgacha tushgan. Joriy yil 1-aprelda yangi piyoz 7-8 ming soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kun holatiga narx 4-5 ming soʻmgacha arzonlashgan.

    Shuningdek, 2024-yil hosildan zaxiraga olingan 121 ming tonna piyozning 75 ming tonnasi shu kungacha ichki isteʼmol bozoriga savdoga chiqarilgan, qolgan 46 ming tonna piyoz bugungi kunda 2-3 ming soʻmdan sotilmoqda.

    Pishish davriga qarab joriy yilning 15-aprelidan piyoz narxi 2-2,5 ming soʻmgacha arzonlashishi kutilmoqda. Bundan tashqari, aprel oyining 2-3-dekadalari 70 ming tonna, may oyida esa 90 ming tonnadan ortiq piyoz pishib yetilishi kutilmoqda.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi yurtdoshlarimizga har bir mavsumda qishloq xoʻjaligi ekinlarining ilk yetilgan pallasida narxlar oshishi kuzatilishi, bu vaqtincha holat boʻlib, tez orada oʻzgarish tendensiyasiga egaligini eslatib oʻtdi.

    Baʼzi hududlarda dehqonlar odatdagidan ortiq mablagʻ talab etuvchi innovatsion agrotexnik tadbirlarni qoʻllash orqali oʻz mahsulotini odatdagidan 10-15 kun avval yetishtirib bozorga chiqarishi hech kimga sir emas.

    Tabiiyki bu qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabning oʻziga xosligini keltirib chiqarish bilan birga bozor tamoyillariga muvofiq narx belgilanishiga omil boʻladi.

    Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligi yurtdoshlarimizdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz maʼlumotlarga eʼtibor bermaslikni, ijtimoiy tarmoq faollari, blogerlar va jurnalistlardan esa hech qanday ilmiy va iqtisodiy asoslarga ega boʻlmagan gap-soʻzlarni haqiqat deb qabul qilmasdan faqatgina rasmiy manbalarga tayangan holda ish tutishlarini soʻrab qoladi, — deyiladi xabarda.