Ertadan butun respublikada tozalik oyligi boshlanadi

    Prezident topshirigʻiga koʻra, 15-oktyabrdan eʼtiboran butun respublikada tozalik oyligi boshlanadi.

    Bu haqda Ekologiya vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, oylik davomida barcha mahallalar, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari, koʻchalar, aholi turar joylari hududlarida tozalik ishlari amalga oshiriladi.

    Shuningdek, volontyorlar, yosh eko-faollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etiladi. Barcha tashkilotlar rahbarlari, xususan, Ekologiya vazirligi rahbariyati ushbu tadbirlarida shaxsiy namuna sifatida faol ishtirok etadi.

    Bundan tashqari, ayni damda Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus shtablar tashkil qilinmoqda.

    Bu shtablar tomonidan har bir viloyat, tuman va shaharlarda qatʼiy ekologik nazorat oʻrnatiladi hamda jamoatchilikka kundalik maʼlumot berib boriladi.

    Qolaversa, oylik davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari amalga oshiriladi. Vazirlik tomonidan respublikaning barcha hududlariga onlayn kuzatuv kameralari oʻrnatilgan boʻlib, ushbu kameralar nazorati yanada kuchaytiriladi.