Ertaga baʼzi joylarda kuchsiz yomgʻir yogʻishi mumkin — Oʻzgidromet

    Ish haftasining oxirigacha Oʻzbekiston boʻyicha asosan iliq va quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda.

    Faqat 29-oktyabrda ayrim togʻli hududlarda yomgʻir yogʻadi, baland togʻli hududlarda qorga aylanishi mumkin, deb xabar berdi Oʻzgidromet.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati boʻyicha sovuq front oʻtishi hisobiga kechga tomon baʼzi joylarda yomgʻir yogʻishi mumkin. Kunduzi havo harorati +23…+28 darajagacha isiydi, shimolda +19…+24 daraja boʻladi.

    28-oktyabrda sovuq front respublikaning barcha hududlari boʻyicha oʻtadi, baʼzi joylarda kuchsiz yomgʻir yogʻadi, togʻoldi va togʻli hududlarda esa yomgʻir yogʻadi. Respublikaning baland togʻli hududlarida yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Havo harorati pasayadi va +20…+23 daraja atrofida boʻladi.

    Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 27-oktyabrda shimolda va choʻl hududlarda, 28-oktyabrda respublika boʻyicha baʼzi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

    Harorat kechalari 8−13 daraja, kunduz kunlari +21…+26 daraja atrofida boʻladi, bu oʻrtacha iqlim meʼyoridan 3−5 darajaga yuqoridir.

    Toshkentda dushanba kuni kunduzi havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat +23…+25 darajani tashkil etadi.

    28-oktyabrda havo oʻzgaruvchan boʻladi, kunning ikkinchi yarmida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Sharqiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, gʻarbdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 10−12 m/s gacha kuchayishi, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi +11…+13 daraja, kunduzi +21…+23 daraja boʻladi.

    29−30-oktyabr kunlari havo oʻzgaruvchan boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari +11…+13 daraja, kunduz kunlari +22…+25 daraja boʻladi.