Toshkent Fotosuratlar uyida Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Barkamol avlod bolalar maktabi toʻgaraklarida 6 yoshdan 18 yoshgacha taʼlim olayotgan bolalarning ijod naʼmunalaridan tashkil topgan koʻrgazma tashkil etildi. Koʻrgazmada “Madaniyat va sanʼat” hamda “Hunarmandchilik va qoʻl mehnati” yoʻnalishlari boʻyicha toʻgarak oʻquvchilarining ijodiy ishlaridan naʼmunalar namoyish etildi.
Barkamol avlod bolalar maktabi “Madaniyat va sanʼat”, “Ekologiya va turizm”, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish”, “Jismoniy tarbiya va sport”, “Xorijiy tillar”, “Oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov”, “Hunarmandchilik va qoʻl mehnati” kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi. Shuningdek, mazkur toʻgaraklar tumandagi 89-, 135-,100-, 48-, 160-a, 319-, 26-maktablarda ham faoliyat olib boradi. Toʻgaraklarda qatnashayotganlarning badal toʻlovi oylik ish haqining 10% tashkil etadi. Kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun bepul taʼlim beriladi.
Koʻrgazmada 200ga yaqin ishlar namoyish etildi. Koʻrgazmada shu yoʻnalish boʻyicha qatnashgan oʻquvchilarga maktab tomonidan sertifikat va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Koʻrgazmaning ochilishida maktabning “Vokal” va “Zamonaviy raqs” toʻgaraklari oʻz dasturlarini namoyish etishdi.
Bizning oʻquvchilar nafaqat tuman, shahar, respublika balkim xalqaro tanlovlarda ham ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni egallashmoqda. Bundan albatta ruhlanib, ichki bir kuch olamiz, — deydi maktab direktori Dildora Yaxyayeva.
Koʻrgazma barcha tashrif buyurganlarga koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Hasan Abdunazarov