Mamlakatimizning yetti oylik eksporti 13 foizga oʻsib, 10 milliard dollardan oshdi, avval eksport qilmagan 1 ming 610 ta korxona tashqi bozorlarga chiqdi. Prezident mahalliy korxonalarni tashqi bozorga chiqishini qoʻllab-quvvatlash izchil davom ettirilishini taʼkidladi.
Xususan, Jahon savdo tashkilotiga 2026-yilda aʼzo boʻlish boʻyicha katta qadamlar qoʻyilmoqda.
“Ushbu tashkilotga kirish – chuqur oʻylangan va uzoqni koʻzlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar “korxonalar sinadi, import bosib ketadi” degan xavotir bilan yuribdi.
Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun, tashkilot aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazayapmiz.
Ertangi kunimiz – bu teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir maʼnoda kerak edi. Yana shu yoʻlda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki, xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy oʻsish biz kutgandek boʻlmaydi”,— dedi davlatimiz rahbari.