Bir kun oldin Ijtimoiy himoya milliy agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Miraziz Mirsultonov telefon raqamidan kelgan: “Ertangi muloqotga kech qolmang”, degan SMS xabari goʻyo kunning masʼuliyatini oldindan eslatgandek edi.
Miraziz Mirsultonov esa bu manzilga mendan ancha oldin yetib kelgan ekan.
Quyosh charaqlab boʻy koʻrsatadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, Prezident maslahatchisi Olloyorov Mansurbek, Toshkent shahridan yoʻlga chiqqanligi haqida xabar keldi.
Eng eʼtiborlisi belgilangan vaqtdan bir daqiqa ham kechikmay, hatto biroz oldinroq yetib keldi.
Belgilangan yoʻnalish boʻyicha barcha manzillarga ulgurish uchun har bir daqiqa hisobli edi.
Kamina esa bir mini mirzo sifatida qoʻlda qogʻoz-qalam, koʻrganlarini, eshitganini yozib borishga va shular asosida mujda tayyorlashga shay edim.
Dastlabki muloqotlar maktab-internatdagi sharoitlar, taʼlim-tarbiya muhiti, yaratilayotgan imkoniyatlar, bunyodkorlik rejalari haqida boʻldi.
Shundan soʻng Toshkent viloyatida barpo etilayotgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi boshqarmasining yangi binosi koʻzdan kechirildi.
Bu yerda har bir mayda detalgacha sinchkov nazar, rahbariy zehn bilan eʼtibor qaratildi.
Hatto yuradigan yoʻlaklarga insonlar ushbu tashkilotga kelganda taqillab ovoz chiqsa ham xijolat boʻlmasligi uchun ovoz chiqarmaydigan kafelar oʻrnatilishigacha tushuntirildi.
Quloq tutib, nigoh boqib yozib boraman.
Keyingi manzil Ohangaron shahridagi “Adolat” mahallasi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot kotibi Dilfuzabegim Roʻzimetova hamda operator Avazbek Eshtemirov mashinadan tushib, muloqot jarayonini yozib olishga kiyik tezlikda yuguradi. Soat esa 12:38ni koʻrsatmoqda.
Bu uyda 1-guruh nogironligi boʻlgan shaxs Umid Sheraliyev yashaydi.
Uning uyi toʻliq taʼmirlangan, sharoitlar esa davlat eʼtibori amalda qanday boʻlishini koʻrsatib turardi.
Naqadar ramziy holat, davlatdan adolat, mehr va eʼtibor koʻrgan inson “Adolat” mahallasida yashaydi.
Navbatdagi manzara koʻz oldimda choʻgʻdek muhrlandi.
Shunday qarasam bir dasturxon, piyolada choy, kosada ovqat, yonida novvot, kulib turgan mezbon va oʻrtada Prezident maslahatchisining nazari.
Vo darigʻ...
Peshonamdan ter chiqib, yelkamga tomon sirgʻalib tushdi.
Shu on xayolim beixtiyor bolalikka ketdi. Enam tandirda makka non yopgan kunlar esimga tushdi.
Uyimiz oddiy, bitta temir choynak, uchta piyola, soddagina hayot.
Hamsoyamiz Nozigul opa kelgan, enam yangi uzilgan makka nondan uzatgan edi.
Lekin hamsoya nonni ham olmadi, choyni ham ichmadi. Yuzini chimirib: “Biz makkani molga beramiz”, dedi. Enam qizarib ketdi. Momaqaldiroq gumburlaganday boʻldi.
Oʻsha manzara bolalik qalbimda ogʻir iz qoldirgan boʻlsa kerak, yana ham bilmadim.
Keyin oʻsha voqea bilan bunda koʻrganlarim bir-biriga ulanib ketgandek boʻldi.
Yillar tez oʻtganday, yaxshilik shabadalari esganday boʻldi.
Muloqotlar davomida yana bir bor angladimki, ijtimoiy himoya tizimi bosqichma-bosqich takomillashib, inson qadrini amalda taʼminlaydigan tizimga aylanib bormoqda.
Prezidentimizning bu tizimga shaxsan bosh boʻlib, oʻz farzandlarini ham shu yoʻnalishga masʼul etib qoʻygani ham bejiz emas.
Zero, inson qadri shunchaki baland ovozli shior emas, balki odamlar hayotiga kirib borish, ularni eshitish va turmushini yaxshilashga qaratilgan amaliy masʼuliyatdir.
Elbek Shoyimov, jurnalist