Gʻulomjon Nazarov ayni qirchillama - 27 yoshda. Afsuski, u aynan aqli toʻlishayotgan vaqtida halol mehnati bilan rizq-roʻzini topish oʻrniga, yigit kishiga mutlaqo yarashmaydigan ishni qilib, sud zalida boshini koʻtarolmay oʻtiribdi.
Uning sudda aytishicha, tadbirkorlikka qoʻl urib, kichik doʻkondorga aylangan. Kimlarnidir gapiga uchibmi yo juda tez boyib ketish maqsadidami, qonun bilan taqiqlangan savdo bilan shugʻullanishga odatlandi. U tergovda aniqlashning imkoni boʻlmagan Abdurashid ismli shaxsdan 16,1 gramm koʻp miqdordagi “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddalarini xarid qilib, kelgusida ularni sotib, foyda koʻrish maqsadida pinxona joyda saqlab kelgan.
Qoʻqon shahar IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbir davomida Gʻ.Nazarov yuqorida qayd etilgan zahri qotilning yaʼni, 10 dona kapsuladagi 4,97 gramm qismini maxsus xaridorga 250.000 soʻm evaziga sotayotgan vaqtida qoʻlga olingan. Uning yonidan tadbirda foydalanish uchun berilgan 250.000 soʻm pullar va maxsus xaridordan “Kent” yozuvli sigereta qutisi ichiga solingan 10 dona “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olinib, oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilar tomonidan Gʻ.Nazarovga tegishli boʻlgan oziq-ovqat savdo doʻkoni koʻzdan kechirilganda, yostiq ichidan kelgusida oʻtkazish maqsadida saqlab kelinayotgan 1 dona konvalyutada 14 dona kapsuladagi “Ilko Regapen” nomli va “Kent” yozuvli sigareta qutisi ichiga solingan 14 dona kapsuladagi “pregabalin” kuchli taʼsir qiluvchi moddalar borligi aniqlangan.
Sud davomida ayblanuvchi oʻz aybiga iqrorligi va qilmishidan pushaymon ekanligi, kelgusida bunday nojoʻya ishlar bilan shugʻullanmasligi xususida koʻrsatma berdi. Nachora, pushaymonlik jinoyatchini jazodan ozod qilishga asos boʻlolmaydi. Gʻ.Nazarovga Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari qoʻllanib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash boʻyicha sud hukmi oʻqildi.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, jamiyatimizda Gʻ.Nazarov kabi noqonuniy savdo bilan shugʻullanuvchi, xususan, narkotik va boshqa turdagi taqiqlangan dori vositalari bilan savdo qiluvchi insonlar uchrab turadi. Bundaylarga xalqimizning dono oʻgitini eslatib qoʻymoqchi edik: “Esing borida, etagingni yop”. Yoʻqsa, keyin kech boʻladi.
Hurshid QOSIMOV,
Jinoyat ishlar boʻyicha Qoʻqon shahar sudining raisi