Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 116-son qaroriga koʻra, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini almashtirish muddati 2021-yil 31-dekabr kuniga qadar belgilangan.
Vakolatli organdan olingan statistik maʻlumotlarga koʻra, 2017-yil 1-oktyabrdan 2021-yil 1-iyuniga qadar respublikamiz boʻyicha 4.600.000 dan ortiq haydovchilardan 2.200.000 (50%)ga yaqin haydovchilar eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirishgan.
bugungi kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaatchilarga tez va qulay tarzda xizmat koʻrsatib kelinmoqda.
Xususan, milliy haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi.
Shuningdek, qarorga qoʻra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar 2022-yil 1-yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanishi belgilangan.
Hozirda Toshkent shahridagi 7 ta tumanlarida yaʻni Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor, Yashnobod tuman Davlat xizmatlari markazlari orqali eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasiga almashtirishingiz mumkin.