9-may nafaqat Vatan himoyasi yoʻlida qurbon boʻlganlarni yodga olish, balki janggohlardan omon qaytgan, front ortida yurt obodligi, xalq farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizga cheksiz hurmat, ehtirom koʻrsatish, ularni eʼzozlash va qadrlash kuni sifatida ham ahamiyatlidir.
Olot tumani “Yosh botir” mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hojimurot ota Bektoshev bu yil 95 bahorni qarshi oldi.
1926-yili Buxoro viloyati Olot tumanida tugʻilgan otaxon urushda oʻqchi polkda xizmat qilgan. Polsha va Latviyani ozod etishda qatnashgan. Harbiy xizmatdan soʻng Olot tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi boʻlib ishladi. 7 nafar farzandning otasi, 40 nevara, 30 chevaraning sevimli bobosi bugungi kunda yaqinlarining ardogʻida, har bir oʻtgan kuniga shukronalar keltirib, farovon yashayapti.
Bayram arafasida otaxonning qalbi cheksiz quvonchga toʻldi. Shinamgina hovlisi mahalladoshlari, farzandlari va nevaralari bilan gavjum boʻlib ketdi.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamda davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari Hojimurot otaning fayzli xonadoniga tashrif buyurib, Prezidentimizning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. 12 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalarni topshirdi.
— Allohga behisob shukr. Peshonamizda mana shunday yorugʻ kunlarni koʻrish ham yozilgan ekan, — deydi Hojimurot ota koʻzidagi quvonch yoshlarini yashirmay. — Bugun benihoya baxtliman. Doimo yurtimizning tinchligini oʻylayotgan, farzandlarimizning baxtli, saodatli hayot kechirishi yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan Prezidentimizga ming rahmat. Urush qatnashchilariga berilayotgan bunday eʼtibor va ehtiromdan boshim koʻkka yetdi. Yurtimiz tinch, farovon boʻlsin.
Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi frontlarida Buxoro viloyatidan ketgan 73 ming 688 nafar kishi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi kurashda qatnashgan. Ularning 30 ming nafari jang maydonlarida qolib ketgan. Bu qadimiy yurt farzandlaridan 13 nafari qahramon, bir nafari esa uchala darajali “Shuhrat” ordeniga sazovor boʻlgan.
Fashizmga qarshi kechgan beayov janglarda mardlik va jasorat namunalarini koʻrsatib, shu kunlarga yetib kelish nasib etgan buxorolik yurtdoshlarimizning 19 nafari bugun eʼzozu ardoqda hayot kechirmoqda.
Joylarda oʻtkazilayotgan tadbirlarda urush qatnashchilarining bosib oʻtgan yoʻli, hayotiy boy tajribasi yoshlarga ibrat ekanligi, xalqimiz hech bir ishni keksalar duolarisiz boshlamasligi hayotiy misollar orqali tushuntirilmoqda.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri