Bu aynan biz uchun atalgan, muhim ahamiyatga ega ragʻbat, kuch va matonatday edi, goʻyo. Ayniqsa, “Maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birortasi eʼtibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak eʼtiborini his qilib yashaydi. Hech qachon unutmang – sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar”, degan soʻzlari oʻzimizga boʻlgan ishonchimizni oshirdi. Demak, biz ham ishlay olamiz, oilamiz, yaqinlarimiz, Vatanimiz va albatta jamiyatimiz uchun manfaat keltira olamiz!
Maktabimizda oʻtkazilgan bitiruv kechasida ustozlarimiz tomonidan oʻqib eshittirilgan Prezident tabrigini tinglagach, Prezidentimizga oʻz tashakkurimizni yetkazishga qaror qildik.
Bugun maktabni 13 nafarimiz bitirdik va hozircha imkoniyatlarimiz cheklanganligi bois 5 nafarimizni ishga joylash boʻyicha uch tomonlama maktab, oila, mahalla hamkorligidagi shartnoma asosida ish bilan taʼminlandik va bizlar ham sogʻlom tengdoshlarimiz qatorida mustaqil Oʻzbekistonimizni gullab yashnashiga oʻz hissamizni qoʻsha olishimizdan juda xursand boʻldik.
Bizlarga, yurt yoshlariga boʻlgan eʼtibor, eʼtiroflar va yaratib berayotgan imkoniyatlar, imtiyozlar, sharoitlar uchun butun mamlakat oʻgʻil-qizlari va alohida ehtiyojga ega boʻlgan imkoniyati cheklangan yoshlar nomidan oʻz minnatdorligimizni bildiramiz!
Namangan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi
49-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan
Davlat taʼlim muassasasi bitiruvchilari