Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni sifatli va arzon xomashyo bilan taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan
va belgilangan tartibda aniq texnik parametrlar asosida shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha respublika hududiga olib kiriladigan polietilen granulalari uchun aksiz soligʻini 2025-yil 1-sentyabrdan 2028-yil 1-yanvarga qadar nol stavkada qoʻllash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. 2028-yil 1-yanvarga qadar ayrim etilen polimerlarining birlamchi shakllari (TIF TN kodi 3901 10 900 0, 3901 30, 3901 40) va propilen polimerlarining birlamchi shakllarini (TIF TN kodi 3902 10 000 0) import qilishda bojxona bojining nol stavkasi qoʻllansin.
3. Bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan birgalikda mamlakatga sifatsiz kontrafakt egiluvchanqadoqlar (polietilen plyonkalar, polipropilen plyonkalar, notoʻqima materiallar, polietilen qoplar, big-beglar va boshqalar) importining oldini olish (eks-offitsio prinsipi asosida) choralarini koʻrsin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
a) bir oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur qarorning 1-bandidan kelib chiqadigan oʻzgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;
b) 2025-yil 1-oktyabrga qadar polietilen granulalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar uchun aksiz soligʻi solinishida import bilan teng sharoitlar yaratish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorning ijrosini taʼminlash, uning mazmun-mohiyati va ahamiyati tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishi hamda tushuntirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2025-yil 18-avgust